Ichki ishlar boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni”
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar tomonidan korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga xavf soluvchi eng katta tahdidlardan biri ekanligi ta’kidlanib, ichki ishlar tizimida korrupsiya illatining oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xususan, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy bilim va tushunchalarini boyitish muhim ekanligi alohida qayd etildi.

Tadbir qatnashchilari dastlab viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Shon-sharaf” muzeyida bo‘lib, muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishdi, tizim tarixiga oid keng ma’lumotlar oldi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari uchun tegishli sohaviy xizmatlarning zamonaviy, jangovar texnika vositalari, ular foydalanadigan qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Kinologiya xizmati xodimlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

– Tadbir davomida biz o‘quvchi yoshlar ichki ishlar tizimi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi tadbir qatnashchisi, Oltinko‘l tumanidagi 44-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Asadbek Maripov. – “Shon-sharaf” muzeyi bilan tanishdik, ayniqsa, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, kinologlarning sahnaviy chiqishlari unutilmas taassurot qoldirdi.
F.Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari