Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Yuqori Chirchiq tumanidagi “Al Said” suv inshooti energiya tejamkor uskunalar bilan qayta jihozlanib, yangicha ko‘rinishda foydalanishga topshirildi. O‘z navbatida “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJning Yuqori Chirchiq filiali ma’muriy binosi ham o‘z faoliyatini boshladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Ahmad Suvonqulov ishtirok etib, respublika miqyosida hududiy suv ta’minoti korxona rahbarlariga mazkur inshootlar namuna sifatida taqdim etdi. Prezidentimizning tegishli topshirig‘iga asosan joylarda ishni samarali tashkil etish, aholi ehtiyojlarini ta’minlash, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, “Al Said” suv inshooti 1980 yilda qurilgan. 2024 yil iyun oyida elektr energiya iste’molini kamaytirish maqsadida bu joyga 150 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. Shu bilan birga, mavjud 60 ta nasos agregatlaridan 8 dona nasos agregatlari tejamkor nasos agregatlariga almashtirilib, 4 dona chastota rostlovchi qurilmasi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJning Yuqori Chirchiq filialining ma’muriy binosi bo‘lmagani uchun ilgari ijara asosida faoliyat yuritayotgan edi. Bugungi kunda filial uchun 2 milliard so‘m pul mablag‘lari evaziga yangi ma’muriy bino qurildi. Filial tasarrufidagi jami 9 ta transport vositasiga qo‘shimcha ravishda bu yil yana 2 ta zamonaviy maxsus texniklar xarid qilindi.
Hozir hududda 141,7 ming nafar aholi yashaydi, shundan 94,4 ming nafari ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, tumanda rejadagi belgilangan vazifalar amalga oshirilmoqda. 2025-2026 yillarda kuz-qish davriga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha jami 3,8 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 4 ta mavjud nasos agregatlari ta’mirladi.
Tadbir ishtirokchilari binolarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan “Energiya tejamkorligi bo‘yicha erishilgan natijalar” mavzusida taqdimotlar ham o‘tkazildi. Unda suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion yondashuvlar, tejamkor texnologiyalar va ularning amaliyotdagi samarasi ishtirokchilarga namoyish etildi.
A.Musayev, O‘zA.