Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Navoiy viloyatida qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.– Joriy yilgi investitsiya dasturiga asosan 58 mingdan ziyod aholining suv ta’minotini yaxshilash belgilangan, – deydi Navoiy viloyati “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh muhandisi Oyxol Cho‘liyeva. – Ayni paytga qadar dastur doirasida 201 kilometrdan ortiq masofaga polietilen quvurlar yotqizilib, suv tarmoqlariga ulandi.
Dasturga ko‘ra viloyatning Xatirchi, Konimex tumanlaridagi namunaviy massivlarda suv minoralari barpo etilayotir. Yil oxiriga qadar Nurota hamda Xatirchi tumanlarining olis qishloqlarida ham ana shunday inshootlar quriladi.
– Viloyatning eng olis tumanida shunday qulayliklar yaratilayotganidan aholi juda mamnun, – deydi Tomdi tumani “Tomdibuloq” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Nursuluv Kareneyeva. – Xususan, Keriz qishlog‘i hamda “Abay” massivlari aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida chekka hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.
Qishloq aholi punktlari suv inshootlarini rekonstruksiya qilish, qayta ta’mirlash va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan ishlar samarasi tahlillarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, viloyatning chekka tumanlariga ichimlik suvi yetkazish borasida 2014-yilda 9 milliard 217 million so‘mlik ishlar bajarildi. 2015-yilda bu ko‘rsatkich yanada ortib, 56 aholi punkti toza ichimlik suvi tarmog‘iga ulanadi. Ayni maqsadlar uchun qariyb 13 milliard 867 million so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.