Ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanmoqda
Prezidentimizning 2018-yil 4-maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2018-2020-yillarga moʻljallangan 470 milliard soʻmlik “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshirilayotir.
Prezidentimizning 2018-yil 4-maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashni yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2018-2020-yillarga moʻljallangan 470 milliard soʻmlik “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasi amalga oshirilayotir.
Viloyat aholi punktlarining yarmidan koʻpi markazlashtirilgan suv taʼminoti bilan taʼminlanmagan. Markazlashgan tarmoqlarda ham suv olish inshootlarining aksariyati oʻtgan asrning 70-80 yillarida qurilgani hamda eskirgani oqibatida quvvati 3 barobar qisqargan.
Jizzax shahri va 65 ta qishloqdagi 1850,4 kilometrli ichimlik suvi tarmoqlarining 1182,9 kilometri yoki boshqacha aytganda, 64 foizi rekonstruksiyaga muhtoj.
Zararsizlantiruvchi uskunalarning mavjud emasligi natijasida kimyoviy va bakteriologik koʻrsatkichlar boʻyicha aksariyat hududlardagi ichimlik suvi yuqori darajada ifloslanishi kuzatilmoqda. Bu esa epidemiologik vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotir. Ayni paytda Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari aholisining 46 foizi davlat standartlariga mos boʻlmagan, ichishga yaroqsiz yer usti suv manbalaridan foydalanib kelayotir.
Markazlashgan suv taʼminoti tarmogʻiga ulanganlar ham meʼyordagiday foydalanayotgani yoʻq. Viloyat va tuman markazlaridagi aksariyat uylarning yuqori qavatlariga suv chiqmaydi. Koʻpchilik qishloqlarda suv maʼlum soatlarda tabaqalashtirib beriladi.
Shu bois Prezident qarori asosida “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasining amalga oshirilishi tarixiy ahamiyatga ega boʻladi. Loyiha asosida Baxmal tumanidagi Uzunbuloq qishlogʻida bir kecha-kunduzda 100 ming kub metr suvni tozalash quvvatiga ega boʻlgan inshoot barpo etilmoqda. Qudratli nasoslar yordamida Zarafshon daryosining suvi 102 metr balandlikka koʻtarilib, ushbu tozalash inshootining bunyod etilayotgan maxsus hovuzilarga tashlanadi.
Oʻtgan yili suv olish inshooti, suv tozalash stansiyasi, suv olish inshootidan suv tozalash inshootigacha boʻlgan 16 kilometrli suv quvurlari va tozalash inshootidan 20 kilometrli magistral suv quvuri qurildi. Inshootda 78 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
– Hozir umumiy uzunligi 183 kilometr boʻlgan suv tarmogʻi, suv koʻtarish va tozalash inshooti, 100 ming metr kub sigʻimli suv saqlash inshooti qurilishi tez surʼatlarda amalga oshirilayotir, – deydi “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Mirahmad Qoratoyev. – Loyiha doirasida 13 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilinib, diametri 203 kilometr magistral ichimlik suvi uzatish tarmogʻi quriladi. 65 ta qishloqda 52 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv tarmoqlari tiklanadi. Ishni loyihada belgilangan muddatda bajarish uchun quruvchilarga barcha sharoit yaratib berilgan.
Ushbu yirik loyiha inshootlarini qurish ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining maxsus qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilmoqda. Tozalash inshootini yordamchi pudratchi sifatida “Obi-hayot injiniring” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Xorazm filiali quruvchilari barpo etmoqda.
Suv uzatish magistral tarmogʻiga Olmaliqdagi “Mega mebiko” masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi korxonada maxsus buyurtma boʻyicha ishlab chiqarilgan diametri 1200, 1000, 800 millimetrli shisha tolali plastik quvurlar yotqizilmoqda. Bu quvurlar yuqori bosimga bardoshli boʻlib, kafolatli foydalanish muddati 100-yilni tashkil etadi. Hozirgacha loyiha talablariga asosan quvurlardan uzunligi 39,4 kilometri yotqizildi. Montaj ishlarini ham quvurlarni ishlab chiqargan korxona ishchi-mutaxassislaridan iborat jamoa amalga oshirmoqda.
Ayni paytda Mirzachoʻldan Samarqandgacha choʻzilgan katta trassada qurilish ishlari qizgʻin bormoqda. Qurilishga 60 dan ziyod mashina va mexanizmlar, 162 nafar malakali mutaxassis va ishchi jalb etilgan.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi bilan Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl tumanlari hamda Jizzax shahrida yashovchi 860,7 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti tubdan yaxshilanishi koʻzda tutilgan. Loyiha hududidagi markazlashtirilgan ichimlik suvi taʼminoti va sanitariya-epidemiologik holat yaxshilanadi.
– Ushbu loyiha koʻlami va dolzarbligi bilan viloyat hayotida juda katta voqea, – deydi viloyat “Suvoqova” unitar korxonasi matbuot markazi rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi Parda Shukurov. – Viloyat tarixida ichimlik suvi tarmogʻida bunday katta ish qilinmagan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti qamrovi Jizzax shahrida 95,2 foizga, loyiha doirasidagi 65 ta qishloqda esa 29,2 foizga yetkaziladi. Bu juda katta natija.
Prezidentimizning eʼtibori bilan aholini koʻp yillar qiynab kelgan muammoning hal etilishiga oz fursat qolmoqda. “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimini yaxshilash” loyihasining amalga oshirilishi bilan hududning yarmidan koʻproq qismida ichimlik suvi taʼminoti tubdan yaxshilanadi. Bu aholining yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish barobarida, hududlarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.