Ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanmoqda
Farg‘ona viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 9 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
Farg‘ona viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 9 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 25-fevraldagi “Respublika aholi punktlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘layotir.
– Aholi punktlarida pudratchi tashkilotlar tomonidan suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati “Suvoqova” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Murod Yo‘ldoshev. – Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash uchun har yili davlat dasturlari doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda.Prezidentimizning 2014-yil 17-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi to‘g‘risidagi qarori asosida joriy yilda 57 aholi yashash punktining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 10 milliard 470 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 128 ichimlik suvi qudug‘i qazish va ta’mirlash, suv nasosi o‘rnatish, suv minorasi qurish va ta’mirlash hamda 54,6 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 30-iyuldagi Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokida Qo‘qon va Andijon shaharlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini hamda Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari va Rishton tumani markazining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, mazkur shaharlarda 55 kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 68 suv qudug‘i va 4 suv inshooti ta’mirlanayotir. Iste’molchilarga ichimlik suvi ekologik jihatdan toza va salomatlik uchun zararsiz holda, polietilen quvurlar orqali yetkazib beriladi.
Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlari va Rishton tumani “Suvoqova” korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zamonaviy texnikalar keltirildi. Farg‘ona shahri hududidagi Pakana-Log‘on, A.Qodiriy va Qirguli suv inshootlarida, Marg‘ilon shahridagi Janubiy, Toshloq suv inshootlarida, Bozor, Arslonbob, Kanalbo‘yi ko‘chalarida, Rishton tumanidagi Navbahor, Topivoldiyev suv inshootida qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Viloyat hokimligi tomonidan 2016-2018-yillarda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan manzilli dasturga ko‘ra, 282 aholi yashash punktida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 148 quduq qazish, 36 quduqni ta’mirlash, 244 yangi suv nasosi o‘rnatish, 133 suv minorasi qurish, 11 suv minorasini ta’mirlash hamda 460,6 kilometrlik suv quvuri tortish rejalashtirilgan.