Ichimlik suvi muammolariga qanday yechim topilmoqda
Jizzax viloyatida 2021-2023 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish, ta’mirlash bo‘yicha respublika byudjet tizimining mablag‘lari hisobidan 199 ta loyiha amalga oshiriladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, uning sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek suv iste’molini hisobga olishning zamonaviy, innovatsion tizimlarini joriy etish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz ichimlik suv ta’minotida mutlaqo yangi tizim yaratildi
Bu ishning boshini birlashtiradigan “O‘zsuvta’minot” aksionerlik jamiyati tashkil etildi. Ichimlik suvi ta’minoti loyihalari xalq deputatlari kengashlari va mahalla fuqarolar yig‘inida muhokamadan o‘tgandan so‘ng qurilish ishlari boshlanishi belgilandi. Endi tugallangan loyihalar ham deputatlar ishtirokida qabul qilib olinadi.
Yana bir muhim o‘zgarish – markaziy suv uzatish tarmog‘i yetib bormagan qishloqlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarini nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida bajarishga ruhsat etildi. Bunda tanlov OAV e’lon qilinib, buyurtma maqsadi, shartlari va vazifalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Albatta, ichimlik suvi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun boshlangan emas. O‘tgan yillarda Jizzax viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash borasida 5 ta yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha ish olib borildi. bugungi kunda ularning 3 tasi nihoyasiga yetkazildi.
Loyihalarga Osiyo Taraqqiyot bankining 42 million dollar kreditlari yo‘naltirildi. Natijada Jizzax shaxrida 168 ming, Zafarobod, Arnasoy tumanlarida 122 ming axolining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
Shuningdek OTBning qiymati 79 million dollarlik krediti asosida Jizzax shahrining oqova tizimlarini rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Bu loyiha yakuniga yetgach, Jizzax shaxri oqova tizimi ta’minoti darajasi 31 foizdan 70 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Prezidentimizning 2018 yil 4 maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan “Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini yaxshilash” loyihasi bo‘yicha asosiy ishlar bajarib bo‘lindi. Kelgusi yil mazkur loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng shahar va tumanlarning 710 ming aholisi yoki 96 foizi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Biroq, markaziy tarmoqning ishga tushirilishi hammaning ko‘chasiga, uyiga suv kirib boradi, degani emas. Hali suv tarmog‘i tortilmagan hududlardan tashqari, bundan ellik yil avval yotqazilgan temir quvurlar allaqachon yaroqsiz holga kelgan qishloqlar ko‘p.
Joriy yil oktyabr oyida xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida 2021-2023 yillarda respublika mablag‘lari xisobidan amalga oshiriladigan 825,4 milliard so‘mlik 199 ta ichimlik suvi va kanalizatsiya loyixalarning manzilli ro‘yxati muhokama etilib tasdiqlandi. Bu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari, Prezident tashrifi, VMning tegishli tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorlari, sektor raxbarlarining sayyor qabullarida fuqarolar tomonidan tushgan murojaatlar inobatga olingan holda tuzilgan.
Bu katta ko‘lamdagi ishni amalga oshirish uchun “Jizzax suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining imkoniyatlari qanday?
bugungi kunda ushbu korxonada mablag‘ yetishmaganligi sababli o‘z vaqtida avariyalar, turli xil nosozliklar, aholi va tashkilotlarning murojaatlari bartaraf etilmayapdi. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari kalkulatsiyasiga xalqaro bank krediti qarzlarini qaytarish summasi kiritilmaganligi sababli tashkilotda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar kelib chiqmoqda.
Korxonaning yana bir og‘riqli nuqtasi shundaki, bu yerda ishchi-xodimlarning oylik maoshlari juda past. Bu o‘z navbatida ish samaradorligi pasayishiga va kadrlar qo‘nimsizligiga, manzilli loyihalarning belgilangan muddatda amalga oshmay qolishiga olib kelmoqda.
– Prezidentimiz tashbbusi bilan sohamizda amalga oshirilayotg
an tub islohotlar tufayli endi bu kamchiliklar bartaraf etilmoqda, – deydi “Jizzax suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zokir Mamarasulov. – Aholining eng muhim ehtiyoji bo‘lgan suv uchun faqat suvta’minot tashkiloti emas, ko‘pchilik mas’ul ekanligi kun tartibga qo‘yilmoqda. Shu oy boshida xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasida ichimlik suvi ta’minotidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, muammolarni bartaraf etish yo‘llari belgilandi. Bu juda muhim o‘zgarish.
Suv ta’minotini yaxshilash loyihalari hukumat tomonidan qo‘llab-quvatlanayotir. Sohaga xalqaro moliya tashkilotlari kreditlarining jalb etilayotgani, suv ta’minoti tizimiga, manzilli loyihalarni amalga oshirishga davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat tashkilotlar jalb etilayotgani yana bir katta imkoniyat. Suv ta’minoti va xizmatlar narxini, tarmoqdagi loyihalarni, bajarilgan ishlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokama qilib tasdiqlashi belgilangani esa sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, ichimlik suvi ta’minotidagi muammolarni hal etish uchun kuch ham, imkoniyat ham yetarli. O‘z navbatida mahalliy boshqaruv organlarining, deputatlarning el orasidagi obro‘-e’tiborlari ham shu imkoniyatlardan foydalanib hududdagi muammolarni qanchalik muvaffaqiyatli bartaraf etishiga bog‘liq.
T. BEKNAZAROV, O‘zA