Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
Guliston shahri aholisi Sirdaryoning chap qirg‘og‘idagi “Dehqonobod” mintaqalararo suv uzatish stansiyasi va qisman Shimoliy va Janubiy yerosti manbalaridan olinayotgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Guliston shahri aholisi Sirdaryoning chap qirg‘og‘idagi “Dehqonobod” mintaqalararo suv uzatish stansiyasi va qisman Shimoliy va Janubiy yerosti manbalaridan olinayotgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu inshootlar sutkasiga 30 ming kub metr toza ichimlik suvi yetkazib berish quvvatiga ega. Biroq 30 kilometr masofadan suv yetkazib beruvchi “Dehqonobod” stansiyasi ta’mirtalab holga kelib, 22 yerosti qudug‘ining 7 tasi ishlamay qolgani oqibatida shahar aholisining suvga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishda muammolar yuzaga kelayotgan edi.Bundan tashqari, foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan uzatish quvurlarining ko‘p qismi yaroqsiz holga kelgani bois ichimlik suvining bir qismi iste’molchilargacha yetib bormasdi. Uy-joylar yerto‘lasini sizot suvi bosishi shunday ham aziyat chekayotgan aholiga qo‘shimcha tashvish tug‘dirardi.
Prezidentimizning 2015-yil 9-martdagi «2015-2019-yillarda Guliston shahrida drenaj tizimini yanada takomillashtirish, meliorativ holatini yaxshilash va yer osti suv sathini kamaytirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu boradagi muammolarni bartaraf etishda muhim dasturilamal bo‘ldi.
Mazkur hujjat asosida loyihalashtirilgan shaharning bosh rejasiga muvofiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tubdan yaxshilandi.
– Yerosti suvi ko‘tarilib ketishi suv uzatish quvurlarining tez ishdan chiqishiga, ta’mirlash ishlarini bajarishda jiddiy qiyinchiliklarga sabab bo‘layotgan edi, – deydi Sirdaryo viloyati “Suvoqova” korxonasi rahbari Yunus Jalolov. – Prezidentimizning Guliston shahrini qayta qurish borasidagi g‘amxo‘rligi tufayli suv ta’minotidagi muammolarga barham berilayotir. Shaharning bosh rejasi asosida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, jumladan, ichimlik suvi inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda.
Inshootlarni qurishdan avval yerosti muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish zarurati suv uzatish tarmoqlarini ishga tushirishni tezlashtirishni taqozo etmoqda. Turar-joy va boshqa inshootlar, ko‘cha va yo‘llar qurilishini reja asosida belgilangan muddatda bitirish ham yerosti ishlarining bajarilishiga bog‘liq. Shuning uchun suv qurilishi inshootlarida ish ikki smenada tashkil etilgan.
Shaharning bosh rejasiga muvofiq, Shimoliy suv to‘plash inshootini rekonstruksiya qilish, “Dehqonobod” suv to‘plash inshootidan Shimoliy suv to‘plash inshootiga 38 kilometr uzunlikda yangi uzatish quvuri tortish ishlari jadal olib borilmoqda. Yaroqsiz holga kelgan 130 kilometrli suv uzatish tarmog‘ini yangilash, 55 kilometr yangi uzatish tarmog‘i qurish, suv to‘plash inshootlarini rekonstruksiya qilish, eskirgan nasos va ularning qismlarini almashtirish belgilangan muddatlarda bajarilayotir.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda kanalizatsiya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha 2015-yilda 4,6 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi amalga oshirildi. Mustaqillik ko‘chasida 2 kilometr, Xondamir ko‘chasidagi 0,6 kilometrlik suv uzatish tarmoqlaridagi qurilish ishlari yakunlandi. Yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari rejalashtirilgan 12,2 kilometrlik kanalizatsiya quvurlari almashtirilayotir.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan shahrimiz qayta qurilayotganidan juda xursandmiz, – deydi gulistonlik Roza Botirova. – Shu choqqacha yerosti suvining ko‘tarilishidan hovliyu uylarimiz yerto‘lasi ko‘l bo‘lib ketardi. Qishda zax, yozda pashsha-chivindan rosa qiynalardik. Yurtboshimizning aholi manfaatini ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli bugun bu qiyinchiliklar barchasi ortda qoldi. Uylarmizdan zax ketdi, issiqda pashsha-chivin ham bo‘lmaydi. Zamonaviy turmush kechirish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Ezgu maqsad yo‘lida qilinayotgan xayrli ishlarning dastlabki samaralari bu. Bunday olijanob ishlar izchil davom ettirilmoqda.