Ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi
Sovuq ob-havo hukm surayotgan shu kunlarda suv quvurlarining muzlab qolishi natijasida ichimlik suv ta’minotida ham qator muammolar yuzaga kelmoqda.
Andijon shahrining Islomobod mahallasi hududidan o‘tgan diametri 600 millimetrli suv quvurida nosozlik yuzaga kelgan. Natijada nafaqat, ushbu mahallada, balki shaharning Do‘stlik, Taraqqiyot, Mustaqillik, O‘zbegim, Sog‘lom avlod hamda Navbahor mahallalarining bir qismida ichimlik suv ta’minotida uzilish yuzaga keldi.

“Andijon suv ta’minoti” MCHJ rahbari Shuhratbek Matmusayev boshchiligida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Ma’lumki, bugungi anomal sovuq sharoitida “Andijon suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati va uning tuman, shahar bo‘limlarida aholi murojaatlarini qabul qilish hamda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha tashkil etilgan maxsus shtab, tezkor ta’mirlash brigadalari kunu tun faoliyat olib bormoqda.
Islomobod mahallasida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish uchun zudlik bilan tezkor ta’mirlash brigadasi, mutaxassislar va zarur texnika vositalari jalb etildi. Suv ta’minotida uzilish yuzaga kelgan hududlarga, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarga maxsus suv tashuvchi transport vositalari orqali ichimlik suv yetkazib berildi. Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida nosozlik bartaraf etilib, yuqorida qayd etilgan mahallalarda ichimlik suv ta’minoti tiklandi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA