Ichimlik suv ta’minoti yanada yaxshilanadi
Toshkent viloyatida aholining toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish, hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida tegishli choralar ko‘rilyapti. Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda 296,4 milliard so‘mlik 56 ta loyiha doirasida 535,7 kilometr ichimlik suvi va 70,1 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, foydalanishga topshiriladi. Amalga oshiriladigan ishlar tufayli ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 77,5 foizga, oqova xizmatini esa 19,8 foizga yetkazish reja qilingan.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, 2022-2023 yillarda jami 382 ta mahallada yashovchi aholining ichimlik, oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 532,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Dastur doirasida 1 ming 264,2 kilometr 171 ta suv inshootlari va 2 dona oqova suv nasos stansiyalarini qurish va rekonstruksiya qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, o‘tgan yil ajratilgan 221,4 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 58 ta loyiha doirasida 342 kilometr ichimlik hamda 54,4 kilometr oqova suv tarmoqlari tortildi. Natijada, Toshkent viloyatidagi 1 ming 22 ta mahallada yashovchi 2 million 999 ming nafar aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 71,2 foizdan 74,5 foizga yetkazildi.
A.Musayev, O‘zA.