Hushyorlik, sezgirlik – asosiy omil
Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda mutlaqo yangi tizim – jahon andozalariga to‘liq javob beradigan milliy bojxona xizmati shakllantirildi.
Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda mutlaqo yangi tizim – jahon andozalariga to‘liq javob beradigan milliy bojxona xizmati shakllantirildi. Tizimning moddiy- texnik bazasini mustahkamlash, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida bojxona xizmati mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotir.Davlatimiz rahbarining 2011-yil 10-avgustda qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Qarorga binoan mamlakatimiz hududiga kontrabanda tovarlarining noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, bojxona to‘lovlarini o‘z vaqtida undirish, tizimga samarali bojxona nazoratini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Zamonaviy axborot texnologiyalarining keng joriy etilishi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini yengillashtirish, bojxona nazoratini soddalashtirish imkonini bermoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona komplekslari va postlarining yagona axborot tizimi rejimida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, bojxona nazorati ostidagi tovarlar bo‘yicha axborotni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash kabi texnologik jarayonlarning avtomatlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – mustaqilligimizning 23-yilligi arafasida chegara hududlarida, bojxona chegara postlarida bojxona nazoratini ta’minlash, tovar va transport vositalarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish, umuman, bojxona xizmati bilan bog‘liq barcha ishlar belgilangan tartib doirasida olib borilayotir.
– Joriy yilning olti oyi davomida kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari, shuningdek, mamlakatimizga noqonuniy tarzda tovarlar olib kirilishi va chiqib ketishi bo‘yicha mingdan ortiq holat aniqlandi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ravshanbek Alimov. – Ushlab qolingan tovarlarning umumiy qiymati 2 milliard 86 million so‘mni tashkil etdi. Yuqoridagi holatlar yuzasidan qoidabuzarlarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rildi.
Boshqarma tomonidan chegara hududlari orqali tovar-moddiy boyliklar noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldini olish borasida tuman, shahar hokimliklari, huquq-tartibot organlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Xususan, Xo‘jaobod tumanining Manak, Yangi Farg‘ona, To‘raobod, Qo‘rg‘ontepa tumanining Savay, Paxtaobod tumanining Madaniyat, Toshqo‘rg‘on mahallalarida shunday uchrashuvlar o‘tkazildi.
– Uchrashuvlar chegara hududi aholisi, ayniqsa, yoshlarning chegara qonunchiligi va boshqa huquqiy bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi “To‘raobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirobid Qodirov. – Tushuntirish ishlari o‘z samarasini bermoqda.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, “Ochiq eshiklar kuni”da bojxona qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartishlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yaratilayotgan qulay shart-sharoit hamda imtiyozlar xususida tushuntirishlar berilmoqda. Tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan yurtimiz tinchligi, xavfsizligi, ozod va obod Vatanimiz ravnaqi yo‘lida, tobora yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramining ko‘ngildagidek o‘tishini ta’minlash uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.