Hurmuzdagi keskinlik neft narxini yana keskin oshirdi
AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi harbiy zarbalar jahon neft bozoriga darhol ta’sir qildi. Ta’kidlanishicha, “Brent” rusumidagi neft narxi 3,5 foizga oshib, bir barrel uchun 78,68 dollarga, “WTI” nefti esa 73,89 dollarga yetdi. Global bozor ishtirokchilari Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish yana izdan chiqishidan xavotir bildirmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, kema qatnovi sezilarli darajada sekinlashgan. Hafta oxirida Eron AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy ob’ektlariga zarba berganini, shuningdek bo‘g‘ozni yana yopganini ma’lum qildi.
Ma’lumki, Hurmuz bo‘g‘ozi — Fors ko‘rfazini O‘mon ko‘rfazi bilan bog‘laydigan strategik dengiz yo‘li bo‘lib, u orqali jahonda eksport qilinadigan neft va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb beshdan bir qismi tashiladi.
Kemalar harakatini kuzatuvchi “Kpler” kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘g‘oz orqali atiga oltita kema o‘tgan. Bu so‘nggi besh haftadagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mutaxassislar vaziyatning keskinlashishi o‘tgan oy AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan vaqtinchalik kelishuv taqdirini ham so‘roq ostiga qo‘yayotganini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, “Goldman Sachs” investitsiya banki Yaqin Sharqda quvur tarmoqlarini kengaytirish orqali 2028-yilga borib Hurmuz bo‘g‘oziga qaramlikni sezilarli kamaytirish mumkinligini bildirdi. Hozircha har qanday harbiy keskinlik jahon energiya bozorida narxlarning tez o‘zgarishiga sabab bo‘layotgani qayd etilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA