"Huquqiy mahalla" loyihasi amalda
Adliya organlari mahallaga yanada yaqinlashib, aholining muammolarini o‘rganish va ularga huquqiy yechimlar topish bo‘yicha samarali ishlarni olib bormoqda.
Mahallalarda fuqarolarning huquqiy muammolarini yagona savolnoma asosida uyma-uy yurgan holda o‘rganish, shuningdek, “mahalla yettiligi”ning tegishli elektron platformasi orqali muammolarni aniqlash va hal etish tizimining joriy etilganligi muhim natija bermoqda.
Endilikda “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida har oyda bittadan mahalla tanlab olinib, fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolar tahlil qilinadi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashiladi.

Guliston shahridagi Sohil mahallasi shu oyda “Huquqiy mahalla” sifatida tanlab olinib, hududda uyma-uy yurish orqali aholi bilan muloqot qilinib, huquqiy muammolar o‘rganilmoqda.

--Uyma-uy o‘rganishlar davomida 1253 ta holatda huquqiy muammolar aniqlanib, 1040 tasi huquqiy jihatdan hal etildi. Murojaatlarning asosiy qismini meros, kadastr, oila va nikoh munosabatlariga oid masalalar tashkil qiladi,--deydi Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Safarboy Tog‘ayev.

Sohil mahallasida tashkil etilgan tadbirda hamkor tashkilotlar taklif etilib, aholiga zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Tadbir davomida 5 nafar fuqaroning meros ishi bilan bog‘liq muammosi ijobiy yechim topdi. Shuningdek, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Sohil mahallasida loyiha doirasida tizimli ishlar davom etmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri