Huquqiy ko‘mak aksiyasi o‘tkazilmoqda
Namanganda viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida To‘raqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumida “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi hamda uning tuman bo‘limi, tuman ichki ishlar, tibbiyot birlashmasi, notarius, advokat, nodavlat notijorat tashkilotlari, bandlikka ko‘maklashish markazi vakillari qatnashdi.

Dastavval, mazkur aksiyaning maqsad-vazifalari, xotin-qizlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shundan so‘ng, xotin-qizlar uchun “Sayyor qabul” tashkil etildi.

Qabul davomida to‘raqo‘rg‘onlik xotin-qizlarni qiynab kelayotgan masallarning 20 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, beshta muammo joyida yechim topdi. O‘rganish va muddat talab etilgan uchta murojaat tuman adliya bo‘limining ish yurituviga olindi.

Shuningdek, tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan 10 nafar fuqaroga “Sayyor xizmat” ko‘rsatildi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining “2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.

Respublika Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi joriy yilning 31 martiga qadar davom etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA