Huquqbuzarliklarning yoʻlini toʻsib...
Toshkent shahridagi “Temiryoʻlchilar” madaniyat saroyida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha “Eng faol fuqarolar yigʻini” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.
Toshkent shahridagi “Temiryoʻlchilar” madaniyat saroyida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha “Eng faol fuqarolar yigʻini” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.
Tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tomonidan tashkil etildi.
Koʻrik-tanlov Prezidentimizning 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkilotchilarning joriy yil 13-sentyabrda hamkorlikda ishlab chiqqan qoʻshma qarori asosida oʻtkazildi.
Tanlovni oʻtkazishdan maqsad – sohaga oid qonun hujjatlarini keng targʻib qilish, mahalla faollarining jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini kuchaytirish, aholi oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi targʻibot ishlarini takomillashtirishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, tadbir ishtirokchilarining qoʻshma qaroriga muvofiq tanlovning tuman (shahar) bosqichlari joriy yil 16-26-oktyabr kunlari, hududiy bosqichi 1-15-noyabr kunlari oʻtkazildi.
Tanlovning saralash bosqichlarida 4665 fuqarolar yigʻinlarining xodimlari va faollari ishtirok etdi. Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 200 ishtirokchi tanlovning hududiy bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.
Tanlovning tuman (shahar) va hududiy bosqichlarida kuzatuvchi sifatida qariyb 30 mingga yaqin aholi ishtirok etdi. Joylarda tanlovning saralash bosqichlarini oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlari binolari, musiqa va sanʼat maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, umumtaʼlim maktablari, madaniyat uylari, aholi dam olish maskanlari imkoniyatlaridan keng foydalanildi.
Koʻrik-tanlov ishtirokchilari dastlabki shartda oʻz mahallalarida korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi hamda erishilgan ijobiy natijalar aks ettirilgan fotoalbomlarni taqdim etdi. Navbatdagi shartda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonun hujjatlaridan tuzilgan savollarga ishtirokchilarning bergan javoblari baholandi. Uchinchi shartda ishtirokchilarning aholi ongida korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishga bagʻishlab tayyorlagan targʻibot materiallari (videoroliklari) namoyish etildi.
Tanlovning respublika bosqichida birinchi oʻrin Namangan viloyati Chust tumani “Yangiyer” mahalla fuqarolar yigʻiniga nasib etdi. Ikkinchi oʻringa Navoiy shahridagi “Vatan” mahalla fuqarolar yigʻini munosib topildi. Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yigʻiniga uchinchi oʻrin berildi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda mahallalar uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi Namangan viloyati Chust tumani “Yangiyer” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Feruza Rustamova. – Yoshlar tarbiyasiga beeʼtibor boʻlmaslik, aholining barcha qatlamlarini ish bilan taʼminlash, oilalarni asrash, har bir mahalladoshni doim ogoh va hushyor boʻlishga undashga mahallamizda alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mzkur tanlov yaxshi tajribalarni tahlil etish, oʻzaro fikr almashishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Koʻrik-tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.