Huquqbuzar qonun oldida javob beradi
Bozor hududida bezorilik qilgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro tumani Tor-Tor mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan J.S. ismli shaxs joriy yilning 6 aprel kuni taxminan soat 11:00 larda, Buxoro shahar Shayxon mahallasi “A.G‘ijduvoniy” ko‘chasi hududida joylashgan jamoat joyi qoidalarini qasddan mensimasdan, ushbu bozorda sotuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi boshqa bir fuqaro Sh.B. bilan o‘zaro janjallashadi. Natijada janjal vaqtida fuqaro J.S. qo‘l mushti bilan fuqaro Sh.B. ning yuz va bosh sohasiga bir necha marotaba qasddan uradi. Unga Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filialining tegishli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sog‘lig‘ining qisqa muddatda buzilishiga olib keladigan yengil shikast yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir qiladi.
Mazkur holat yuzasidan shahar IIO FMB tomonidan fuqaro J.S. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA