Hunarmandchilik yanada rivojlanadi
Termizda Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Termizda Prezidentimizning 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, tijorat banklari xodimlari, hunarmandlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi rahbari M.Joʻrayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi masʼul xodimi K.Islomov va boshqalar mamlakatimizda soʻnggi yillarda milliy qadriyat va noyob anʼanalarimiz oʻz ifodasini topgan nafis hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlab, rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor sohani tubdan yuksaltirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladi. Bu jarayonda uyushma aʼzolariga qator imtiyozlar berilib, ularning mehnatlarini ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.

Surxondaryo viloyatida keyingi ikki yilda “Hunarmand” uyushmasidan roʻyxatdan oʻtib, faoliyat yuritish istagini bildirganlar soni besh baravarga oshgani ham bunga yaqqol dalildir. Jumladan, ayni paytda vohada 2 ming 300 dan ortiq hunarmand 22 yoʻnalishda izlanib, mehnat qilmoqda. Ular “Ustoz-shogird” anʼanasini yoʻlga qoʻyib, uch mingdan ortiq shogird tayyorlayotir. Viloyatda qabul qilingan dastur doirasida yilning oʻtgan davrida 554 loyiha uchun 17 milliard 685 million soʻmlik mablagʻ ajratilib, 569 yangi ish oʻrni yaratildi.
Voha hunarmandlari joriy yilning 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida 200 dan ortiq mahsuloti bilan ishtirok etdi. Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida shu yil 10-15-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida 60 hunarmand oʻz mahsulotini namoyish etib, master-klass darslari oʻtkazdi.
– Ushbu qaror xalq amaliy sanʼatini rivojlantirib, xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini toʻliq saqlab qolishda tarixiy ahamiyatga ega hujjat boʻldi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Denov tumani boʻlimi boshligʻi Q.Niyozov. – Shuningdek, aholi daromadlarining oshishi, band boʻlmagan aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalarni hunarmandchilikka keng jalb etish orqali ularning ish bilan bandligini taʼminlashda bir qator qulayliklar yaratildi. Tumanimizda hozir 185 hunarmand uyushmaga aʼzo boʻlib, 19 yoʻnalishda mahsulot ishlab chiqarmoqda. Qarorning qabul qilinishi bu ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.

Qaror bilan respublika hududlari hunarmandchilik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ixtisoslashtirilayotir, hunarmandchilik mahsulotlarini chet el bozorlarida namoyish etish va sotishga koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hududlarga biriktirildi. Mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari oʻziga biriktirilgan hududlardan boshqa hududlarda faoliyat yurituvchi hunarmandlar mahsulotlarini ham chet elda namoyish etish va sotishga amaliy yordam koʻrsatishi belgilandi.
Davra suhbatida sohaga berilayotgan imtiyozlar, imtiyozli kreditlar ajratishning ahvoli, xalq amaliy sanʼati ustalarining yangi tashkil etilayotgan Milliy katalogi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan uyushma hamkorligi, zamonaviy “hunarmandlar bozori” kabi qator masalalar boʻyicha ham fikr almashildi. Viloyatda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.