Hunarmandchilik moʻmay daromad manbai
Ilgari hunarmand mahsulotini oʻzi, oilasi uchun tayyorlagan boʻlsa, endi bu yoʻnalish yaxshigina daromad manbaiga ham aylangan.
Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan
Ilgari hunarmand mahsulotini oʻzi, oilasi uchun tayyorlagan boʻlsa, endi bu yoʻnalish yaxshigina daromad manbaiga ham aylangan.
Yurtimizga kelgan xorijlik sayyohlar, mehmonlar esdalik sovgʻalar xarid qiladi. Mahalliy hunarmandlarimiz yasagan, yurtimiz goʻzalligini oʻzida aks ettirgan bu mahsulotlar bugun dunyoning koʻplab mamlakatlari aholisi xonadonlarini ham bezab turganiga shubha yoʻq.
Poytaxtlik yosh hunarmand Bahodir Saidiy ham esdalik buyumlar yasash bilan shugʻullanib keladi. U faoliyati davomida yurtimizning tarixiy obidalari, qadamjolari, zamonaviy inshootlarning moʻjaz namunasini tayyorlaydi.
Yurtimizda “Usta-shogird” anʼanasi yaxshi rivojlangan. Bahodir ham shogird, ham ustozdir.
– Turli koʻrgazma-savdolarda ishtirok etamiz, – deydi B.Saidiy. – Hunarmandlikni yanada rivojlantirish, mahsulotimiz turini kengaytirish, sifat va dizayni ustida doimo izlanishdamiz. Chet ellik mehmonlarning mahsulotimizga boʻlgan talab va ehtiyojlarini oʻrganamiz. Yozda ish koʻproq boʻladi. Shunda shogirdlarimiz ham koʻpayib qoladi. Mustaqil ishlaydiganlari ham oʻsha paytda yigʻilib birga ishlashga harakat qiladi. “Tashabbus” koʻrik-tanlovida, muntazam oʻtkaziladigan koʻrgazmalar, savdo-yarmarkalarida qatnashish kelgusidagi ishlarimizni rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Darvoqe, Prezidentimiz tashabbusi bilan sentyabr oyida Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalining oʻtkazilishi esa Bahodir kabi hunarmandlarimiz mehnatini ragʻbatlantirish, ular yasayotgan buyumlarni xalqaro miqyosda ham keng targʻib qilishga xizmat qiladi.