Humoyun Sultonov – xalqaro turnir g‘olibi
Namanganda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) taqvimiga kiruvchi turnirda o‘ndan ziyod davlatdan oltmish nafarga yaqin tennischi g‘oliblik uchun bahslashdi.
Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yarim final bahsida Jo‘rabek Karimov belgiyalik Zizou Bergsni 6:4, 6:4 hisobida yengdi. Humoyun Sultonov esa litvalik Robert Vrzesinskiga qarshi kortga chiqib, 6:2, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Hal qiluvchi bahsda ikki hamyurtimiz – Jo‘rabek Karimov va Humoyun Sultonov bahslashishi kerak edi. Biroq uchrashuv boshlanishidan oldin J.Karimov kortga tusha olmasligini bildirdi. Shu tariqa Humoyun Sultonov musobaqa g‘olibiga aylandi.
Juftlik bahslarida Jo‘rabek Karimov va belaruslik Vladimir Dorash finalda hamyurtlarimiz Sharobiddin Abzalov va Humoyun Sultonovni 7:5, 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.