Hududlarga mos o‘simliklarni yetishtirish muhim omil
Cho‘l va o‘rmon o‘simliklarini yetishtirish, qurg‘oqchil va sho‘rxok yerlarga mos ko‘chat navlarini ko‘paytirish bugungi ekologik vaziyatda muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizning har bir hududida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sapargul Utemuratova Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Xalq vakillari O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi Qoraqalpog‘iston ilmiy-tajriba stansiyasida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish davomida mutaxassislar stansiyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, hozirda stansiya tasarrufida 66,03 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 9,83 gektari Nukus tumani Qutanko‘l hududida joylashgan. Ushbu hududda 3 gektar ko‘chatxona va 2 gektar niholxona barpo etilgan.
Shuningdek, Nukus tumani “Samanboy” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 56,2 gektar maydonda Galofit o‘simliklar bog‘i tashkil etilgan. Uning 10 gektarida sho‘rlangan yerlarga moslashgan galofit o‘simliklari ustida ilmiy tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda 4,2 gektar maydonda Xitoydan keltirilgan hamda mahalliy galofit o‘simliklari urug‘lari ekilib, ularning moslashuvchanligi va rivojlanishi bo‘yicha ilmiy kuzatuvlar davom ettirilmoqda.
Partiya yetakchisi A.Hamzayev cho‘l va o‘rmon o‘simliklarini yetishtirish, degradatsiyaga uchragan yerlarda ozuqabop o‘simliklarni rivojlantirish, o‘rmon o‘simliklarini kasallik va zararkunandalardan himoya qilish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.
M.Komilova,
O‘zA