Hududlarda yo‘llar sifati yaxshilanmoqda
Olis hududlardagi ayrim ichki yo‘llarning nosozligi-yu, yomg‘irli kunlarda o‘sha yo‘llar sabab el boshiga tushadigan tashvishlar hech kimga sir emas.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yangi yo‘llarni barpo etish, parallel ko‘chalarni tashkil etish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan joriy yilda 202,6 km ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlangan bo‘lib, shundan 200,6 km ichki xo‘jalik yo‘llariga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. “Oltinboshoq” MFY hamda “Mangu yurt” MFYning Movarounnahr, Obi nazr, Qo‘shtegirmon va Mehroj ko‘chalarida beton qoplamali yo‘l qurildi. Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan tashabbuslarni moliyalashtirish bo‘yicha 10 km ichki xo‘jalik yo‘llari asfalt-beton qoplama bilan ta’mirlandi.
Qayd etish lozimki, tegishli qonunchilikka ko‘ra, 2022 — 2024 yillarda Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini jadal rivojlantirish hamda aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilab qo‘yilgan.

Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida xalqaro ahamiyatdagi A378 “Samarqand-G‘uzor” avtomobil yo‘lining 83—85- km qismini joriy ta’mirlash va mahalliy yo‘l qurish, davlat ahamiyatdagi 4R84 “Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor” avtomobil yo‘lining 11 km qismini ya’ni, 67—78- km oralig‘ini qayta qurish, 4R95 “A380 avtoyo‘li-Po‘loti-Sho‘rbozor” avtomobil yo‘lining 10 km qismini mukammal ta’mirlash, mahalliy ahamiyatdagi 4N323 “Ko‘kdala-Gardon-Mozorli” avtomobil yo‘lining 16 km qismini joriy ta’mirlash, 4K330 “Ko‘kdala-Ayritom temir yo‘l stansiyasi” avtomobil yo‘lining 20 km qismini joriy ta’mirlash, 4K293 “Qozoq-Mankir-Annaruz” avtomobil yo‘lining 2 km qismida qayta qurish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
“Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida davlat ahamiyatidagi 4R84 “Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor” avtomobil yo‘lining 67—78-km qismlaridagi Chiyal qishlog‘ini Ko‘kdala markazi bilan bog‘lovchi 11 kilometr uzunlikdagi yo‘lni to‘liq ta’mirlash ishlari boshlandi.
Shuningdek, yo‘llardagi mavjud muammolarni hal etish borasidagi islohotlar Farg‘ona viloyatida ham amalga oshirilmoqda. Mutaxassisga ko‘ra, mazkur viloyatda jami 19 941,5 km avtomobil yo‘llari mavjud bo‘lib, shundan umumiy foydalanishdagi yo‘llar 4 ming 22 kmni, ichki xo‘jalik yo‘llari, shaharlar va qishloq aholi punktlari ko‘chalari 15 919,5 kmni tashkil etadi.
Farg‘onaning Oltiariq tumani hududidan o‘tuvchi 4r-112 “Farg‘ona xalqasi” avtomobil yo‘li 2023 yil to‘la ta’mirlash ishlari dasturiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda yo‘lning 252-259 km qismida belgilangan ishlar olib borilmoqda. Ushbu yo‘llarning 290,4 km qismi sement-beton qoplamali, 10 639,6 km qismi asfalt-beton qoplamali, 531,7 km qismi qora qoplamali, 7 475,4 km qismi shag‘al yo‘llar hamda 1007,5 km qismi tuproq yo‘llar hisoblanadi.
Farg‘ona viloyatida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda 2104,3 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida 969,3 milliard so‘mlik rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 894,6 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash montaj ishlari bajarilgan. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida 36,5 km yo‘llar hamda 1 dona ko‘prikda 73,6 milliard so‘mlik, erkin iqtisodiy zonalarga olib boruvchi va ichki yo‘llarda 11,3 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.
Mahallalarda birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar dasturi 147,8 milliard so‘mlik, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 133,8 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Xususan, so‘nggi ikki oy davomida 454,4 km avtomobil yo‘llarida 220,2 milliard so‘mlik ishlar bajarilgan.
Yil yakuniga qadar yo‘l sohasida 74,7 milliard so‘mlik ishlar, jumladan 105,3 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini hamda 3 dona 86 pm uzunlikdagi ko‘priklarni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 63,1 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtiriladi hamda 9 km avtomobil yo‘lini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Viloyatda yo‘l korxonalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida 9 ta avtosamosval maxsus texnikalari olib kelindi. Yil yakuniga qadar yana 9 ta maxsus texnikalar olib kelinishi rejaga kiritilgan. Shu tariqa ikki yilda viloyatdagi 374 ta mahallada yo‘l infratuzilmasi yaxshilanishiga erishiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA