Hududlarda jamoat transporti yangi bosqichga chiqadi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida Yangiyo‘l, Angren, Ohangaron, Olmaliq, Nurafshon va Chirchiq shaharlarining jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda mazkur shaharlardagi transport tizimini yagona boshqaruv asosida takomillashtirish, aholi uchun qulay va samarali transport xizmatini yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Tahlillarga ko‘ra, marshrutlar tarmog‘ini qayta tashkil etish, ularni optimallashtirish, transport yo‘laklarini samarali boshqarish, zamonaviy bekatlar va transport-almashinuv uzellarini barpo etish orqali jamoat transportidan kunlik foydalanuvchilar sonini 298,6 ming nafardan 533 ming nafarga yetkazish mumkin. Bu esa yo‘lovchilar oqimini 234,4 ming nafarga yoki 78,5 foizga oshirish imkonini beradi.
Ta’kidlanganidek, bunday natija faqat yangi avtobuslar xaridi hisobiga emas, balki butun transport tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida tubdan qayta tashkil etish orqali ta’minlanadi. Shuningdek, brutto-shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi marshrutlarda reyslar bajarilishi, avtobuslar harakati, yo‘lovchilar oqimi, intervallar hamda subsidiyalar yagona raqamli reyestr orqali nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, shaharlar uchun 2026, 2030 va 2035-yillarga mo‘ljallangan yagona transport prognozlari hamda tizim samaradorligini baholash metodikasi ishlab chiqiladi.

Taqdimot yakunida ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi uchun xavfsiz, qulay, barqaror va zamonaviy jamoat transporti tizimini shakllantirish, shaharlarda harakatlanish sifatini yangi bosqichga olib chiqish ekani alohida qayd etildi.
A.Musayev,O‘zA