Hududlarda “IT-shaharcha”lar tashkil etiladi
Joriy yil 15-may kuni “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, hududlarda yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qitishga yo‘naltirilgan “IT-shaharcha”lar tashkil etiladi.
Yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yo‘naltirish, ularning mazkur sohada bilim egallashi bo‘yicha intilishlari rag‘batlantiriladi.
Seminarlar, mentorlik dasturlari va onlayn ta’lim resurslari orqali yoshlarda raqamli texnologiyalar sohasidagi ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish rag‘batlantiriladi.
Dasturlash va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishlarida ta’lim berish, xorijiy tillar, shu jumladan ingliz tiliga o‘qitish orqali yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Yosh avlodni zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek, ularda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish ko‘nikmalari oshiriladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA