Hududlarda ishbilarmonlik faolligi indeksi bo‘yicha o‘sish kuzatildi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2026-yilning mart oyida 1206 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 20,6 foizga ortgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 22,7 foizga o‘sish kuzatilgan.
Joriy yilning mart oyida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob-varaqlaridagi operatsiyalar soni bo‘yicha komponent 4,3 foizga; tovar-xom ashyo birjasida xom-ashyo sotib olish jadalligi 46,2 foizga; faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 3,8 foizga ortgan. Tovar belgilari bo‘yicha komponent 8,1 foizga kamaygan.
Shuningdek, 2026-yil mart oyida IFI barcha hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Andijon (47,8 foiz), Surxondaryo (43,7 foiz), Xorazm (42,3 foiz) va Samarqand viloyatida (41,8 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.
Ushbu davrda banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7 052,5 mingtani tashkil etib, 2026-yilning fevral oyiga nisbatan 292,2 ming tranzaksiyaga (4,3 foiz) ortgan.
Xususan, Andijon (13,5 foiz), Farg‘ona (8,2 foiz), Sirdaryo (6,9 foiz) va Surxondaryo (5,5 foiz) viloyatlarida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan sezilarli ortgan. Bu ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda 1,1 foizga kamaygan.
Joriy yilning mart oyida IFIning birja komponenti 1,4621 birlikni tashkil etgan (o‘tgan oyga nisbatan 46,2 foizga ortgan). Bunda, tuzilgan bitimlar soni 2,1 baravarga ortgani va har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 14,6 foizga kamaygani kuzatildi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2026-yil mart oyida 7 460 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 18,5 foizga ortgan.
Bunda, birja savdolardagi ushbu faollikda azot-fosforli o‘g‘it savdosi hajmining o‘tgan oyga nisbatan 93,1 baravarga, armatura 6,5 baravar, qora metall prokati 4 baravar va polipropilen 3,4 baravarga ortishi asosiy omil hisoblanadi.
Hisobot davrida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari komponenti 1,0382 birlikni tashkil etib, oldingi oyga nisbatan 3,8 foizga ortgan. Bunda barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni oldingi oyga nisbatan 2 557 birlikka ortib, 511 mingtani; yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 558 taga oshib, 4 719 tani; ichik korxonalar soni 2,2 mingtaga ortib, 417,3 mingtani shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 185 taga kamayib, 89,1 mingtani tashkil etgan.
2026-yilning mart oyida savdo belgilari bo‘yicha komponent 0,9186 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 8,1 foizga kamaygan.
Mazkur davrda yuridik shaxslar tomonidan 395 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA