"Hududgazta’minot" AJning rasmiy axboroti
Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan tabiiy gaz iste’molining ortishi kutilmoqda. Iste’molchilar o‘rtasida yoqilg‘ini teng taqsimlash maqsadida "Hududgazta’minot" AJ fuqarolardan undan oqilona foydalanishga chaqiradi.
"Hududgazta’minot" AJ matbuot xizmati ko‘ra, hozirgi vaqtda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy, suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida soha mutaxassislari tomonidan barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Yirik sanoat ob’ektlari, AGQKSH va xususiy sektorga gaz yetkazib berishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu sovuq ob-havo davrida tejalgan gazni aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari ehtiyojlariga yo‘naltirish imkonini beradi.
Gaz ta’minoti mutaxassislari muammoli joylarda gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlarni qilmoqda. Yaqinda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yuqori bosimli gaz tarmog‘i qurilishi tugallanib, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida yashovchi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi, yuqori bosimli yer osti gaz tarmog‘iga ulandi. bugungi kunda o‘lchov uzellarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Poytaxtning gaz ta’minoti tizimidagi yana bir muammosi yechimini topdi. Xususan, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog‘och ko‘chasi hududida o‘rta bosimli gaz quvuri qurilib, 128 - sonli ko‘p qavatli uyning isitish qozoniga ulandi. Rakat boshi ko‘chasidagi yaroqsiz holga kelgan o‘rta bosimli yer osti gaz quvuri o‘rniga yer usti shaklidagi gaz quvuri qurildi. Sergeli tumanidagi “Jaloyir” MFY, Ilg‘or va Dilkash ko‘chalarida gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 1,8 km yer usti yuqori bosimli gaz quvuri qurildi va ikkita yangi gaz taqsimlash qurilmasi o‘rnatildi.
Ayni paytda Namangan shahridagi “Ma’rifat” mahallasi hududidagi 14 ta ko‘p qavatli uyning gaz ta’minotini yaxshilash uchun 3,5 km uzunlikdagi yuqori bosimli gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.
Ob-havoning keskin sovushiga qaramay, iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amaliy jarayonlar olib borilmoqda. Ushbu davrda mahalla va uy xo‘jaliklarida tabiiy gaz tanqisligining oldini olish maqsadida "Hududgazta’minot" AJ fuqarolardan gaz iste’mol qiladigan jihozlardan faqat zarur hollarda foydalanishlarini va iloji boricha uydan chiqib ketayotganda isitish moslamalarini o‘chirishni unutmasliklarini iltimos qiladi.
Shuningdek, "Hududgazta’minot" AJ tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligini eslatib o‘tadi. To‘lovlarni tuman gaz ta’minoti bo‘limlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha to‘lov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.
"Hududgazta’minot" AJ tizimi mutaxassislari barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi holatlari, favqulodda vaziyatlarni va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha arizalarni 104 raqami bo‘yicha qabul qiladi.
O‘zA