Hudud ishsizlikdan holi bo‘lmoqda
Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi Jondor tumanida tashabbuskor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Ayni kunda Ibn Sino mahallasida faoliyat yuritayotgan “Jo‘rayeva Xushvaqt” MCHJ rahbari Xushvaqt Jo‘rayeva yakka tartibda tikuv sexini kengaytirib, 30 nafarga yaqin xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagani e’tirofga loyiq. Muhimi, chevar jamoasidagi o‘nga yaqin tikuvchi ayol shu kunga qadar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar bekalari edi. Endilikda ular halol mehnat bilan moddiy manfaat topib, ro‘zg‘or tebratib kelmoqda.

Shuningdek, “Ushot” mahalla fuqarolar yig‘ini, Hunarmandlar mahallasida faoliyat yuritayotgan “Voris kashtachilari” kichik korxonasi ham milliy kashtachilik va tikuvchilikda tajriba orttirmoqda. Shahnoza Sharipova rahbarligidagi bu mas’uliyati cheklangan jamiyat shu atrofdagi mahalla va qishloqlardan 50 nafarga yaqin chevarni jamladi. Ularni har oyda 2-2,5 million so‘m atrofida maosh bilan ta’minlamoqda.

Tashabbuskor, yoshligidan kashtado‘zlik sirlarini puxta o‘rgangan Shahnoza Sharipovaning hunarmandchilik markazini tashkil etishda “Mikrokreditbank”ning viloyat filiali moliyaviy ko‘magida yaqin hamkorlik o‘rnatgani tikib tayyorlanayotgan qo‘l mehnati namunalarini ko‘paytirish va xaridorlar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, tumanning Luqmon mahallasida 14 nafar ayolni ish bilan ta’minlab tikuvchilik sexini tashkil qilgan yosh tadbirkor Rushana Farmonova, Ibn Sino mahallasida xususiy klinika tashkil qilib, samarali davolashni yo‘lga qo‘ygan Shahnoza Ramazonova, o‘zining hovlisidagi tomorqa yerini obod qilib, issiqxona barpo qilib hosil yetishtirayotgan ushotlik Mukarram Azimova faoliyatini ham ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi.
Muhimi, viloyat tegishli boshqarmalari, mahalliy hokimlik, ma’muriy sektorlar ko‘magida bu kabi korxona va sexlar faoliyatini rivojlantirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirib, hududda ishsizlikni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.