Hokimlar universitetga kadr so‘rab bordi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida viloyatdagi davlat va xususiy tibbiy muassasalar, tuman, shahar tibbiyot birlashmalari mas’ullari ishtirok etib, bitiruvchilarni o‘zlarida mavjud ish o‘rinlariga taklif qildi.
Tadbirda Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagi davolash-profilaktika muassasalari va tibbiyot birlmashlari rahbarlari ham ishtirok etdi. Joriy o‘quv yilida Samarqand davlat tibbiyot universitetini 750 nafar bakalavr muxaxassis, 110 nafar magistr hamda 303 nafar klinik ordinatura bitiruvchilari tamomlaydi. Mehnat yarmarkasi va bitiruvchilar bilan muloqot davomida hozirgi kunda Jizzaxda 151 nafar, Qashqadaryoda 169 nafar, Surxondaryoda 177 nafar, Navoiyda 147 nafar shifokorga ehtiyoj borligi qayd etilib, bitiruvchilar ushbu hududlarga borib faoliyat ko‘rsatsa, yaratib beriladigan sharoit va imtiyozlar haqida ma’lum qilindi.

Tadbir va targ‘ibot ishlari besamar ketmadi. Universitet bitiruvchilarining 90 nafari Surxondaryo, 85 nafari Qashqadaryo, 60 nafari Jizzax, 34 nafari Navoiy viloyatlaridagi davolash-profilaktika muassasalariga borib ishlash bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, ayni kunlarda tuman va shahar hokimlari oliy o‘quv yurtlariga borib, bitiruvchilarni o‘z hududiga ishga taklif etmoqda. Jumladan, Urgut tumani hokimi va sektor rahbarlarining Samarqand davlat tibbiyot universiteti bitiruvchilari bilan uchrashuvidan so‘ng 14 nafar bo‘lajak shifokorlar tumanga borib ishlash bo‘yicha tibbiyot birlashmasi bilan shartnoma tuzildi. Jomboy tumani hokimi esa Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga borib, bitiruvchilarni tumandagi bo‘sh ish o‘rinlariga taklif qildi.

G‘.HASANOV, O‘zA