Hokimlar aybsiz aybdormi yoxud...
Keyingi vaqtlarda fermerlarning yeri noqonuniy tarzda olib qoʻyilayotganligi haqidagi xabarlar keng tarqalmoqda.
Keyingi vaqtlarda fermerlarning yeri noqonuniy tarzda olib qoʻyilayotganligi haqidagi xabarlar keng tarqalmoqda.
Ana shunday shikoyatlarni oʻrganish jarayonida bunday holatni oldini olish va qarshi choralarni koʻrish borasida Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon QODIROV bilan suhbatlashdik.
̶ Amaliyotdan va mavjud ahvoldan kelib chiqib gapiradigan boʻlsam, fermer yeri noqonuniy olib qoʻyilishiga qarshi kurashning eng oddiy yoʻli tuman hokimligining tegishli xodimlariga yerga oid qonunchilikni oʻrgatish, savodxonligini oshirish kerak, ̶ deydi Ch.Qodirov. ̶ Chunki, tuman hokimligi atrofidagi yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi, qishloq xoʻjaligi boʻlimlari hamda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xodimlari tuman hokimining yerga oid va fermer xoʻjaliklarining taqdiri bilan bogʻliq qabul qilinadigan qarorlar loyihalarini tayyorlab amaliyotga joriy qilishda bevosita ishtirok etadi. Vaholanki, bu tizimlarning ayrim xodimlari yerga oid qonunchilik tartiblarini yaxshi bilmaydi. Bilganlari esa oʻz bilganidan qolmaydi. Bu bilan Yer kodeksining 6. 24, 36, 38,58 moddalarining talablariga rioya qilmasdan, qoʻpolroq qilib aytsak halqqa ham, davlatga ham xiyonat qilmoqdalar. Yer kodeksining bu tartiblariga amal qilmasdan tuman hokimlarini chalgʻitib, hujjatlar rasmiylashtirib hokim qarorini chiqishiga erishmoqdalar. Hokimlar esa aybsiz aybdor boʻlib qolmoqdalar. Shuning uchun bu tizimlar hokimni aldamasdan, koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻymasdan yerga oid qonunlarda koʻrsatilgan tartiblarga rioya qilib hujjatlar rasmiylashtirishni oʻrganishi va shunga qatʼiy rioya qilishlari kerak.
̶ Bilishimcha, Yer kodeksida fermerning huquqlari himoya qilinadi. Siz keltirayotgan moddalarda ham. Misol uchun, 24 moddada fermer xoʻjaligining boshligʻi yerdan foydalanishdan ixtiyoriy tarzda voz kechgan holdagina yer ijara shartnomasi bekor qilinib yeri zaxiraga olinishi kerak.
̶ Albatta. Bu kodeks yer egalarini himoya qiladi. Endi fermerning yerdan voz kechishi ixtiyoriymi yoki soxta yoʻllar bilan ariza yozdirib olinayaptimi? Avvalom bor shuning haqiqiyligini atroflicha oʻrganish kerak boʻladi. Soʻngra fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari xulosa berishi kerak. Bu Yer kodeksining 24, 36 moddasi talabi hisoblanadi. Aniq qilib koʻrsatilgan bu qoidalarga faqat amal qilinsa boʻlgani. Agar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ijobiy xulosasi boʻlmasa, fermer xoʻjaligining yerini zaxiraga olinishi toʻxtatilishi kerak. Respublikamizda esa buning aksi, yaʼni kadastr tizimi, qishloq xoʻjaligi boʻlimi xodimlari fermerlar kengashining bunday xulosasini inobatga olmasdan, soxta qaror loyihalari tayyorlab taqdim etish holatlari avjiga chiqqan. Natijada Prezidentning tegishli qarori va buning ustiga Yer kodeksining 24, 36 moddalariga rioya qilinmasdan fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarini noqonuniy tarzda zaxiraga olib qoʻyilmoqda. Aytish kerakki, Yer kodeksining 24, 36 moddasida koʻrsatilganidek, shartnoma intizomini buzgan fermer xoʻjaligiga nisbatan qonunda koʻrsatilgan tartib va taomillar doirasida chora koʻrish ham mumkin. Buning uchun hujjatlar rasmiylashtirilib sudga daʼvo arizasi kiritish, sudning qarori orqali yer ijara shartnomasini bekor qilish mumkin. Biroq, bu tartiblarga ham toʻliq amal qilinyapti deb boʻlmaydi. Tuman hokimlarining Yer kodeksiga va sohaga tegishli boshqa hujjatlar talablariga rioya qilmasdan fermer xoʻjaliklarining yer maydonlarini zaxiraga olish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi normalarga toʻliq rioya qilmayotganliklari ochiqchasiga koʻrinib turgan boʻlsada, ularga nisbatan qonunda koʻrsatilgan taʼsir choralari yetarlicha qoʻllanilmayapti. Sababi, joylarda prokurorlik nazorati yetarlicha emas. Prokuror sektor aʼzosi. Ular hokimning qaroriga nisbatan huquqiy munosabat bildirishga ayrim holatlarda hayiqayotgani ham sir emas. Shuning uchun bunday qarorlarga nisbatan protest kiritib qonunchilikni taʼminlashiga jurʼati susaygan. Bundan esa asosan kadastr va qishloq xoʻjaligi boʻlimlari “unumli” foydalanib qolmoqdalar. Ularni hech kim tartibga olmayotgani qoʻl kelmoqda.
̶ Shu kunlarda fermer xoʻjaliklariga ijara shartnomasini oʻz vaqtida bermasdan belgilangan tartib va taomillarga toʻliq amal qilinmayotganlik holatlari ham ortib bormoqda. Aslida ijaraga berish tartibi qanday?
̶ Fermer xoʻjaligi tashkil etish ham, yerni ijaraga berish tartiblari ham qonunchilik bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Misol uchun, “Fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov gʻolibini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” talabiga koʻra talabgor loyihada gʻolib deb topilsa, unga tuman hokimining yer berish toʻgʻrisida qarori qabul qilinadi. Tuman hokimining bu qarori uch kun ichida tasdiqlash uchun viloyat yer berish va uni realizatsiya qilish komissiyasiga yuborilishi kerak. Viloyat komissiyasidan tuman hokimining ushbu qarori tasdiqlanib kelgandan soʻng besh kun ichida tuman hokimi bilan fermer xoʻjaligi oʻrtasida yer ijara shartnomasi tuzilishi, kadastr boʻlimi fermer xoʻjaligi boshligʻiga rasmiylashtirib, davlat roʻyxatidan oʻtkazishi kerak. Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonunning 11 moddasiga koʻra buni kadastr tizimlari byudjet mablagʻi hisobidan rasmiylashtiradi. Joylarda nazorat yetarli emasligi tufayli fermer xoʻjaligiga yer ijara shartnomasi oʻz vaqtida berilmay, yer egasi sarson boʻlayotganligi rost. Bu bilan fermer xoʻjaliklarining yerga egalik huquqi sunʼiy tarzda cheklanmoqda. Sudlardagi tortishuvlarda bunga guvoh boʻlib kelyapmiz. Yer ijara shartnomalari fermer xoʻjaliklariga oʻz vaqtida berilmaganligi oqibatida tuman hokimlari fermer xoʻjaligining yer maydonlarini istagan vaqtda zaxiraga olib qoʻyishiga, fermer mulkiga tajovuz qilishga va yerlarini tortib olishiga imkoniyat yaratib berilmoqda. Sudlarga daʼvo arizasi kiritilganda esa fermer xoʻjaligining yerga nisbatan egalik huquqi mavjud emas, (yer ijara shartnomasi mavjud emas) degan vaj bilan fermer xoʻjaliklarining haq - huquqlarini himoya qilinishiga toʻsqinlik qilish holatlari ham uchramoqda.
Tuman hokimining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari va noqonuniy qarorlari noqonuniy tarzda himoya qilinib, fermerlarning poymol boʻlgan qonuniy manfaatlari himoyasiga toʻsqinlik qilish faktlari ham yoʻq emas. Ayrim hollarda bundan prokurorlar xabardor boʻlsa ham, qonunbuzarliklar ochiqchasiga koʻrinib turgan holatda ham prokurorlik nazorati hujjatini qoʻllamayotganligi ham sir emas. Sudda ishtirok etayotgan prokuror xodimlari esa daʼvoni rad etish toʻgʻrisida muzokara soʻzi aytishdan nariga oʻtolmay, qonunbuzarliklarni oʻz vaqtida va yetarlicha bartaraf etolmayapti. Chunki, prokuror sektor boshligʻi. “4 ta sektor qoidasiga” koʻra vazifasidan ajralib qolishdan qoʻrqadi.
̶ Siz aytayotgan fikrlar ancha jiddiyi ayblovga oʻxshaydi. Biroq, fermer xoʻjaliklari va xalqning yer bilan bogʻliq muammolari va shikoyatlari kundan-kunga kuchayib bormoqda. Ana shunday noroziliklar va adolatsizlikning oldini olish uchun qanday taklif bergan boʻlardingiz?
̶ Agrar sohada prokurorlik nazoratini yoʻlga qoʻyish uchun prokurorni sektor aʼzoligidan ozod qilib, oʻrniga moliya boʻlimlarini jalb qilish kerak. Moliya boʻlimlarining ham joylarda nufuzi baland. Hamma tashkilot eʼtirof etadi va hurmat qiladi. Toʻrtta sektorda muammo chiqqanida ichki ishlar boʻlimi yetarlicha amaliy yordam qiladi. Umumiy nazorat nazoratdek boʻlishi kerak. Qonunchilik boʻyicha nazorat yoʻlga qoʻyilmas ekan, yerga oid qonunchilikda kundan-kunga ahvol yomonlashadi. Quyi tizimlarda yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzilishlarni xalq koʻrib bilib turibdi va kundan kunga noroziliklar va ishonchsizliklar koʻpayib ketmoqda. Hali ham kech emas. Mavjud ahvolni yaxshilashga hissa qoʻshishimiz kerak. Buning uchun esa Yerga oid qonunchilik bilan ishlaydigan barcha tizimlar ayniqsa, kadastr faoliyatini yetarlicha nazoratga olish kerak. Ular juda koʻplab soxta hujjatlar qilmoqda, yerga oid noqonuniy qarorlar loyihasini tasdiqlatib, joylarda hokimlarning obroʻsiga putur yetishiga sabab boʻlmoqda. Kadastr va sohaga tegishli boshqa tizim xodimlari ham oʻzini, ham qonunchilikni aldamasligi kerak. Shu yer barchamizniki, unga nisbatan munosabatimizni oʻzgartirmasak kelajak avlod bizni kechirmaydi.
OʻzA muxbiri Sayyora SHOYEVA suhbatlashdi