Hokim yordamchilari xalq orasida...mi?
Hokim yordamchilarining birinchi galdagi vazifasi aholi orasiga kirib borish, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topish hamda ishsizlikni bartaraf etishdir. Hududlarda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari ham mahalla ahlining do‘stiga, hamfikr yelkadoshiga aylanib bormoqda.
Navoiy shahri «Do‘stlik» MFYda yashovchi fuqaro X.To‘rayeva ham xonadonbay o‘rganishlar davomida hokim yordamchisi J.Xojiyevga o‘z maqsadlarini va kelgusidagi rejasini aytib, ishsizligi sababli yuk tashish xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchiligini bildirdi. Hokim yordamchisi J.Hojiyev tomonidan fuqaroning murojaati qanoatlantirilib, unga imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Ushbu mablag‘ga fuqaroga yuk motorolleri olib berildi.
- Mahallada ushbu xizmatga talab bor, - deydi fuqaro X.To‘rayeva. - Endi buyurtmalarni bajarib, oilamga daromad olib kelaman. Keksalarimiz orasida "qo‘ldan berganga qush to‘ymas", degan naql bor.Mahalladan moddiy yordam so‘rab, boqimanda bo‘lish noto‘g‘ri. Sog‘lomman, mehnatga yaroqliman.Davlatimiz ko‘magi bilan yo‘lga qo‘ygan soham tufayli endi qo‘rqmasdan faoliyatimni tasavvur qila olaman.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar «Tog‘lik» MFY hokim yordamchisi A Qosimov tavsiyasiga asosan fuqaro G.Azimovaga subsidiya asosida tikuv mashina olib berilib, fuqaroning bandligi ta’minlanishiga erishildi.
Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani "Sergeli" MFY hokim yordamchisi Sh. Sarsenov tavsiyanomasiga asosan fuqaroga baliqchilik sohasi bo‘yicha imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishiga erishildi.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani «Dungariq» MFY hokim yordamchisi X.Ishonqulov tomonidan Ramazon oyida qiynalib qolgan oilalarga moddiy ko‘mak tarqatildi.

Andijon viloyati Asaka tumani «Navkan» MFYga biriktirilgan hokim yordamchisi Saida Xolmatovaning ko‘magi ostida mazkur mahallada istiqomat qiluvchi nafaqadagi bemor va keksa ayol M.Yo‘lchiyevaga nogironlik aravachasi yetkazib berildi. Shuningdek, S.Xolmatovaning tashabbusi va mahalla ahlining homiyligi asosida ehtiyojmand oilada istiqomat qiluvchi Z.Qodirovaning nikoh to‘yi o‘tkazib berildi.

Namangan viloyati Uychi tumani «Boyagon» MFY hokim yordamchisi M.Ahmadjonov tomonidan mahallada istiqomat qiluvchi va «Ayollar daftari» «Temir daftar»da turuvchi hamda nogironligi bor ehtiyojmand fuqarolarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA