Hokim talaba yoshlar huzuriga bordi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon davlat tibbiyot institutining talaba yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda institut professor-o‘qituvchilari, birinchi va ikkinchi bosqich talabalari ishtirok etdi. Unda viloyat hokimi mamlakatimizda talabalarning puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilib berilayotganligini ta’kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi haqida keng ma’lumot berildi.
[gallery-13515]
Bundan yetti yil avval Andijon davlat tibbiyot institutida 3 ming 700 nafar talaba o‘qigan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu oliy o‘quv yurtida 40 dan ortiq tibbiy ixtisoslik bo‘yicha 11 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Bundan tashqari, institutga qarashli klinika hududida barpo etilgan ikki ming o‘rinli zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi bino talabalarning bilim va malakasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, institut Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Hindiston va boshqa qator rivojlangan davlatlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Uchrashuvda aholi sonining ortib borishi, yangi tibbiyot ob’ektlari barpo etilayotgani, qishloq hududlarida malakali kadrlarga bo‘lgan talabning oshayotgani, chekka va olis hududlarda ishlovchi mutaxassislar uchun davlat tomonidan qator imtiyozlar berilayotganligi, tibbiyot klasterini tashkil etish, ta’lim va amaliyot jarayonlarini bir vaqtda olib borish, malakali kadrlar tayyorlash, ularni ish bilan ta’minlash masalalari haqida ham atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA