Hokim stipendiyasi g‘oliblari
Nurchilar maskani Shirin shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilarini aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida Shirin shahar hokimining 2024 yil 15 fevraldagi “Shirin shahar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Hokim stipendiyasi”ni joriy qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Shu munosabati bilan shahar umumta’lim maktablarida “Hokim stipendiyasi” uchun fan olimpiadasi o‘tkazildi. Unda shahardagi maktablarning jami 105 nafar iqtidorli bitiruvchi o‘quvchisi ishtirok etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Ilyos Egamberdiyev, 2-o‘rinni 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Ozoda G‘aniqulova, 3-o‘rinni 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Ruxshona Nasibqulova egalladi.

G‘oliblar Shirin shahar hokimi N.Hazratqulov tomonidan I, II, III darajali diplom hamda 1 500 000, 1 000 000, 500 000 so‘m miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri