Hokim muboraklik bitiruvchilarni taqdirladi
Malakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu Prezidentning yaqinda bir guruh yoshlar bilan o‘tgan uchrashuvida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Yoshlarga qaratilgan bunday ezgu siyosat butun mamlakatimiz bo‘ylab bo‘y ko‘rsatmoqda.

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tashkil etilgan yoshlar forumida tuman hokimi Ulug‘bek Ernazarov 2019-2020 o‘quv yilida tumandagi umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallar bilan tamomlab, talaba bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan yoshlarni taqdirladi va ularga noutbuk sovg‘a qildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilda tumandagi maktablarni 2 nafar o‘quvchi oltin, 18 nafari kumush medal bilan bitirgan bo‘lsa, shundan 1 nafar oltin va 11 nafar kumush medal sohiblari oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lgan.

Yoshlar forumi doirasi “Yilning faol yoshlar yetakchisi”, “Yilning faol volontyori”, “Yilning faol o‘quvchisi”, “Yilning faol tibbiyot xodimi”, “Yilning faol yosh tadbirkori” nominatsiyasi bo‘yicha 10 nafar faollar va 11 nafar yoshlar ham taqdirlandi.
Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari va yosh iste’dod sohiblarining badiiy chiqishlari forum ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
O‘.BAROTOV,
O‘zA muxbiri