Hisori va jaydari qo‘ylarda talafot kuzatilmagan
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlarida minglab mayda shoxli mollar fevral-mart oylaridagi anomal sovuq natijasida qirilib ketganligi to‘g‘risidagi xabarlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida hisori va jaydari zotli mayda shoxli mollar parvarishlanadigan chorvachilik subektlarida bunday holat qayd etilmaganligi, xo‘jaliklar mustahkam ozuqa bazasi bilan ta’minlanganligi, qishki qo‘ralar talab darajasida ekanligi, eng muhimi qo‘mitaning joylardagi vakillik organlariga qish oylarida chorvachilik subektlaridan mayda shoxli mollarning anomal sovuq natijasida nobud bo‘layotganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Binobarin, o‘tgan 2020 yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1456938 bosh mayda shoxli mol kuydirgiga, 691662 bosh mayda shoxli mol oqsil kasalligiga, 243955 bosh mayda shoxli mol brutsellyozga, 500000 bosh mayda shoxli mol chechak kasalligiga qarshi, Buxoro viloyatida 2234346 bosh qo‘y-echki kuydirigi kasalligiga, 1151788 bosh mayda mol oqsilga, 2064000 bosh mayda mol brutsellyozga, 1300000 bosh mayda shoxli mol chechakka qarshi, Navoiy viloyatida 2068078 bosh qo‘y-echki kuydirgiga, 1354546 bosh mayda mol oqsilga, 1740075 bosh mayda shoxli mol brutsellyozga, 1372000 bosh mayda mol chechakka, 113600 bosh mayda mol bradzot kasalligiga qarshi to‘liq emlangan.
Ayni paytlarda ham bahorgi emlash ishlari davom etmoqda.
Ta’kidlab o‘tish lozim, cho‘l zonalarida boqiladigan qo‘ylarning deyarli 90 foizini qorako‘l zotli qo‘ylar tashkil etadi. Qorako‘lchilikka ixtisoslashgan chorvachilik subektlaridagi statistik holat prezidentimizning “O‘zbekiston respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi
axborot xizmati