Hisobga olinmagan gol yoki sen urmasang, senga urishadi
Kuni kecha ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasiing “Buxoro” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” klublari o‘rtasidagi bahs bilan navbatdagi 11-tur o‘yinlari boshlandi.
Joriy yilgi chempionat har ikki jamoa uchun ham omadsiz boshlanib, ketma-ket mag‘lubiyatlar natijasida “Buxoro” klubi “So‘g‘diyona”ning sobiq murabbiyi Ulug‘bek Baqoyevga, jizzaxliklar esa o‘tgan mavsum Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi bilan ma’lum muddat ishlab, klubni tark etgan yevropalik Ivan Boshkovichga ishonch bildirdi.

O‘yinning birinchi bo‘limi to‘pga egalik qilish bo‘yicha “So‘g‘diyona” ning, ammo qarshi hujumlarga tayanib golli vaziyatlar yaratish bo‘yicha buxoroliklarning ustunligida o‘tdi. Hatto, “Buxoro” ning, asli jizzaxlik futbolchisi Asiljon Begimqulov tomonidan uzatgan to‘pini Kasyan yordamchi hakam bayroqchasini ko‘targanini ko‘rgach, bo‘sh darvozaga, shunchaki sekingina yumalatib qo‘ya qoldi. VAR hakami Husan Muzaffarov hamda o‘yinni boshqargan hakami G‘ayrat Jo‘rayevlar tomonidan maydon egalarining toza urilgan goli hisobga olinmadi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi Ulug‘bek Baqoyev shogirdlarining shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Bir necha golli vaziyatlar ham sodir etildi, ammo undan foydalana olmadi.
Futbolda sen urmasang, senga uradi, degan ibora yana bir bor o‘z isbotini topdi. Ikkinchi raqam ostida to‘p surgan “So‘g‘diyona” mezbonlarning himoyada yo‘l qo‘ygan xatosidan unumli foydalanib, uchrashuvning 59-daqiqasida Andrevning uzatmasini Javohir Qahramonov golga aylantirdi – 0:1.
Garchand bu Qahramonovning mavsumdagi ilk goli bo‘lsada, Javohir bu gol o‘z ustozi Ulug‘bek Baqoyev jamoasi darvozasiga bo‘lgani uchunmi nishonlamadi.

Kiritilgan goldan keyin mehmonlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi va ular to‘pga egalik qilish bo‘yicha maydon egalaridan ancha ustunlik qila boshladi. Ulug‘bek Baqoyevning tarkibdagi bir qator o‘zgarishlari ham naf bermadi. Aksincha, Ivan Boshkovichning zaxiradan maydonga tushurgan futbolchilari “So‘g‘diyona” o‘yinini yanada ochdi.
Bahsning 85-daqiqasida “Buxoro o‘z daovozasidan 2-to‘pni olib chiqishga majbur bo‘ldi. Jizzaxliklar tarkibiga zaxiradan qo‘shilgan Hislat Xalilov Iminovga bosim o‘tkazib, to‘pni uni oyoqlari ostidan Zenan Zaymovich tomon uzatdi. Mehmonlarning Belgiyada tug‘ilgan Bolqon yarim orolilik legioneri to‘pni qarshisidan chiqqan darvozabon ustidan oshirib osongina golga aylantirdi – 0:2.
Bu gol Zenanning qatorasiga 5-uchrashuvdagi 6-goli bo‘lsa, Ivan Boshkovichning Jizzax klubini qabul qilgandan keyingi qatorasiga 4-g‘alabasi. Ta’kidlab o‘tish joizki, Boshkovich jamoani qabul qilganda, “So‘g‘diyona” 2 ochko bilan turnir jadvalida oxirgi 14-pag‘onada edi. Bugun esa jizzaxliklar 14 ochko bilan 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Bugun, ertaga va keyingi kunlari turning boshqa uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
A.QAYUMOV,
O‘zA