Hindistonning yorqin Gujarati
Shu yilning 18-20 yanvar kunlari Hindistonning Gujarat shtatida “Yorqin Gujarat” IX xalqaro sammiti boʻlib oʻtadi.
Shu yilning 18-20 yanvar kunlari Hindistonning Gujarat shtatida “Yorqin Gujarat” IX xalqaro sammiti boʻlib oʻtadi.
Gujarat Hindistonning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mintaqalaridan. Mamlakat iqtisodiyotining yetakchi shtatlaridan boʻlmish Gujarat savdo, biznes va investitsiya sohasida jozibador mintaqa hamdir. Ayni damda Gujaratda xalqaro sammitga tayyorgarlik qizgʻin davom etmoqda. Maʼlumki, bosh vazir Narendra Modi tashabbusi bilan oʻtkaziladigan mazkur anjuman shtat maʼmuriy markazi Gandinagar shahrida boʻlib oʻtadi. Sammit davomida Hindistonning iqtisodiy imkoniyatlari taqdim qilinadi.
Gujarat — Hindistonning marvaridi, deya tan olingan. Bu shtat atoqli davlat arboblari Mahatma Gandi hamda hozirgi bosh vazir Narendra Modilar tugʻilgan maskan sifatida ham mashhur. Bu hududda 5 ming yil muqaddam sivilizatsiya gullab-yashnagan. Shuning uchunmi Gujaratda qadimiy ibodatxonalar juda ham koʻp.
Gujarat́ (Gujarat) — Hindiston gʻarbidagi shtat boʻlib, maʼmuriy markazi Gandinagar shahri sanaladi. Shtat aholisi 60 383 628 kishidan iborat boʻlib, shtatlar orasida toʻqqizinchi oʻrinda turadi. Gujarat Hindiston yarim orolining shimoliy-gʻarbida joylashgan boʻlib, Pokiston, shuningdek, Hindistonning Rajastxon, Madxya-Pradesh, Maxarashtra shtatlari, qolaversa Daman va Diu hamda Dadra va Nagar-Xaveli ittifoq hududlari bilan chegaradosh. Shtat gʻarbini Arab dengizining suvlari yuvib turadi, shuningdek Narmada, Tapti va Sabarmati daryolari oqib oʻtadi.
Gujaratda mahalliy Solanki sulolasi 960 yildan 1243 yilgacha hukmronlik qilgan. Gujarat bir vaqtlar Hindiston yarim orolining asosiy savdo markazlaridan boʻlgan, oʻsha vaqtdagi poytaxt Patan esa Hindistondagi yirik shaharlardan edi. 1243 yilda Solanki sulolasi Gujarat ustidan nazoratni yoʻqotdi va hukmronlik Dxolka shahridan boʻlgan Vagxel sulolasi qoʻliga oʻtdi. 1292 yilda Vagxellar sulolasi Davlatobodda hukmronlik qilib kelayotgan Yadavlar sulolasi bilan birlashadi. Vagxellar qisqa muddat (76 yil) hukmronlik qilgan boʻlishiga qaramay, Virdxaval va Vishaldevlar sulolasi mintaqaning gullab-yashnashi va barqarorligi yoʻlida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu davrda koʻplab ibodatxonalar barpo etildi.
1298 yildan boshlab mintaqaga musulmonlar kelib oʻrnasha boshladi. Gujaratda musulmonlarning hukmronligi 400 yil davom etdi. XV asrda mintaqada mustaqil Gujarat sultonligi barpo etildi. 1572 yilda boburiylar hukmdori Akbar Gujaratni oʻz saltanatiga qoʻshib oladi.
Bu joylarga kelgan ilk yevropaliklar portugallar boʻlishgan. Ular sohilboʻyidagi qator anklavlarni, jumladan Daman va Diu, Dadra va Nagar-Xavelini egallab olishdi. Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi 1614 yilda Suratda zavod barpo qildi, biroq 1668 yilda Bombey qoʻlga kiritilishi bilan bu shaharning ahamiyati yoʻqolib bordi. Maratxlar hukmdori Shivaji 1664 va 1679 yillarda shaharga hujum uyushtirdi va uch marta bosqinchilik qildi. Shu tariqa Gujaratda maratxlar hukmronligi boshlandi.
Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi ikkinchi ingliz-maratx (1803—1805 yillar) urushi natijasida Gujarat ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq boʻldi. Koʻplab mahalliy hukmdorlar mahalliy boshqaruvni saqlab qolish va Britaniya hukmronligini tan olish hisobiga inglizlar bilan bitimga erishdi. Gujarat Bombey hukmronligining bir qismiga aylandi. XIX va XX asrlarda Gujaratning katta qismi yuzlab kichik knyazliklardan iborat boʻlib, ayrim tumanlargina toʻgʻridan-toʻgʻri Buyuk Britaniyaga boʻysunardi.
Gujarat Hindiston mustaqilligi uchun kurashda muhim rol oʻynadi. Mazkur kurashning koʻplab namoyondalari, jumladan Mahatma Gandi ham asli Gujaratdan. Mamlakat mustaqillikka erishishidan oldin Gujarat Bombey shtatining bir qismi edi. 1960 yil 1 may kuni til koʻrinishi boʻyicha Bombey ikkita shtatga ajratiladi: gujarati tilida soʻzlashuvchi aholi yashaydigan qismida Gujarat (shimolda) va maratx tili gaplashadigan aholi istiqomat qiladigan hududda Maxarashtra (janubda) shtatlari paydo boʻldi. Avvaliga Gujaratning poytaxti Ahmadobod edi, ammo 1970 yilda poytaxt Gandinagarga koʻchiriladi. Oʻtgan asrning 60-yillarida shtat 17ta okrugdan iborat edi. Keyinchalik qoʻshimcha okruglar tashkil etildi va hozirda shtat 26ta okrugni oʻz ichiga qamrab olgan.
2011 yilda oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish tadbiri natijalariga koʻra shtat hududida 60 383 628 kishi istiqomat qilishi maʼlum boʻldi. Aholining 88,6 foizini hindlar tashkil qiladi. Shtat aholisining katta qismi gujarati tilida gaplashadi.
Yirik shaharlari Ahmadobod (6 352 254 ming kishi istiqomat qiladi), Surat (4 462 002), Vadodara (1 822 221), Rajkot (1 390 640), Bxavnagar (605 882), Jamnagar (600 943), Junagadx (320 250).
Oʻz alifbosiga ega boʻlmish gujarati tilida 46 million kishi gaplashadi va dunyoda keng tarqalgan tillar orasida 26-oʻrinda turadi. Gujarati tili “hindlar otasi” Mahatma Gandi va “Pokiston otasi” Muhammad Ali Jinnalarning ona tili hisoblanadi.
Gujarat adabiyoti ming yillik tarixga ega. Mashhur adiblar Acharya Xemachandra, Narsinx Mexta, Mirabay, Akxo, Premanand Bxatt, Shamal Bxatt, Dayaram, Dalpatram, Narmad, Govardxanram Tripatxi, Ganxiji, Umashankar Joshi, Suresh Joshi, Pannalal Patel, Rajendra Keshavlol Shohlarning ijodi hamon sevib oʻqiladi.
Gujarat Hindistondagi tamaki, paxta va yeryongʻoq mahsulotlari yetishtiriladigan shtati sanaladi. Viramgama, Narbada va Dxadara tumanlarida Hindistondagi eng aʼlo sifatli paxta navlari yetishtiriladi. Shuningdek guruch, gʻalla va makkajoʻxori ham yetishtiriladi. Shtat umumiy hududining yarmi ekin maydonlaridan iborat. Bu shtatda sut yetishtirish maqsadida chorvachilikka ham katta eʼtibor qaratiladi, Gujarat sut yetishtirish boʻyicha Hindistonda yetakchilik qiladi.
Gujaratda 10 ta aeroport boʻlib, Sardar Vallabbxay Patel nomli xalqaro aeroportdan tashqari ularning hammasi mahalliy yoʻnalishlarga xizmat koʻrsatadi. Mumbay-Dehli yoʻnalishida joylashgan Vadodara shahridagi temir yoʻl vokzali xizmat koʻrsatish darajasi boʻyicha Hindistonda toʻrtinchi oʻrinda turadi. Muhim temir yoʻl vokzallari Surat, Ahmadobod va Rajkot shaharlarida joylashgan.
Shtatdagi muzeylar Vadodara shahridagi bosh muzeyda (Baroda Museum & Picture Gallery) joylashgan Muzeylar departamentiga qaraydi. Bu muzeyga 1894 yilda asos solingan boʻlib, oʻzida boy madaniy merosni jamlagan.