Hindistonning “Respublika kuni” bayrami nishonlanmoqda
Har yili yanvar oyi so‘ngida Hindistonda Respublika kuni keng miqyosda bayram qilinadi. Shu munosabat bilan mamlakatda qator tadbirlar o‘tkaziladi. Anjuman dasturini tarixiy ob’ektlarga tashrif, parad-festival, turli raqs va o‘yinlar bilan boyitish an’anaga aylangan. Endilikda Hindistonning “Respublika kuni”, hatto, dunyo bo‘ylab nishonlanayotgani e’tiborga molik.
Maqolani 1950 yil 26 yanvar kuni, shuningdek, Hindiston Konstitutsiyasi kuchga kirgani, xalqning suveren davlatga intilishi samara berganini e’tirof etish bilan boshlash joiz, deb bildik. Boisi, bu yil mamlakat Respublika kunining 74 yilligi bilan birga Britaniya hukmronligidan mustaqillikka erishilganidan uch yil o‘tib kuchga kirgan Konstitutsiya kunini ham nishonlaydi.
Hind diyori 1947 yil mustaqillikka erishgan bo‘lsa-da, erkin Hindiston Konstitutsiyasini tayyorlash vazifasi 1946 yilda ta’sis yig‘ilishi tomonidan ilgari surilgan. Mazkur istiqbolli hujjat ikki yil-u to‘qqiz oy davomida ishlangan va bir necha sessiya davomida muhokama qilingan. Haqiqatan ham dunyodagi eng uzun yozma qomus Hindiston fuqarolari tengligini hamda barcha uchun ijtimoiy va iqtisodiy adolat asosida ish yuritish davrini boshlab berdi.
Konstitutsiya parlament boshqaruvi shaklini nazarda tutuvchi muayyan unitar xususiyatga ega federal tuzilishga ega. Ittifoq ijro hokimiyatining konstitutsiyaviy rahbari Prezident hisoblanadi. Mamlakatning eng oliy ushbu qonuni asosiy siyosiy kodeks, tuzilma, tartib, vakolat va hukumat institutlari majburiyatini, direktiv tamoyilni belgilaydi, fuqarolar huquqini ta’minlaydi.
Milliy bayram – Respublika kuni Hindiston tarixidagi muhim voqea bilan bog‘liq sana. Maktablarda bu kun vatanparvarlik g‘ayrati va ishtiyoqi ila qarshi olinadi. Madaniy dasturlar, chiqishlar tashkil etiladi.
26 yanvar hindlar uchun yana bir muhim ahamiyat kasb etadi. 1930 yil Hindiston Milliy Kongressining Lahordagi sessiyasida “Poorna Swaraj” rezolyutsiya qabul qilingan. Respublika kuni arafasida Prezident soat 19:00 da xalqqa murojaat qiladi. Rahbarning murojaati mamlakat radiosi milliy tarmog‘i orqali tarqatiladi, barcha telekanallar orqali hind tilida, so‘ngra ingliz tilida efirga uzatiladi.
Asosiy bayram poytaxt Dehlida, rang-barang ijtimoiy, madaniy merosni targ‘ib etuvchi dasturlar, festival, spektakl, tomosha va yurishlarni o‘z ichiga olgan maxsus yig‘inlar ko‘rinishida tashkil etiladi. Dehlida o‘tadigan Respublika kuni paradi eng katta voqelikdir. Ta’lim muassasalarida sana munosabati bilan insho va bejirim liboslar tanlovlari, viktorina, turli o‘yinlar, madaniy tadbirlar, aholi farovonligi uyushmalari va jamiyatlari bu kunni yuqori saviyada nishonlash maqsadida musobaqalar uyushtiriladi.
Har yili 29 yanvarda Vijay Chovk hududida o‘tkaziladigan marosim Respublika kunining yakuniy nuqtasi hisoblanadi. Bu gal ham, an’anaga muvofiq, asosiy mehmoni – mamlakat yetakchisi tadbir joyiga tansoqchilari hamrohligida, otliq qo‘shinda keldi. Prezident hozir bo‘lgach, ommaviy ansambllar Hindiston milliy madhiyasini ijro etdi. Shu vaqtning o‘zida Davlat bayrog‘i ko‘tarildi.
Darhaqiqat, keyingi paytda Hindiston faxrlanishga arziydigan yutuqlarga erishdi. Mamlakat bugungi kunda beshinchi yirik iqtisodiyotga ega, pandemiyadan keyingi davrda ham eng tez tiklanayotgan davlatlar qatoridan o‘rin oldi.
bugungi kunda mamlakat koinot, yadro fanlari sohalaridagi ilmiy va texnologik yutuqlar ostonasida turibdi. O‘ta ilg‘or axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan ekologiya tizimlaridan biriga, dunyodagi eng ko‘p raqamli moliyaviy operatsiyalarga ega bo‘lgan sehrli diyor bo‘ylab 2022 yil 70 milliard tranzaksiya amalga oshirilgan.
Hindiston fuqarolari soni o‘tgan yil oxirida 1 milliard 417 milliondan oshdi. Bu Xitoy aholisidan besh million ko‘p. Shuning barobarida aksar sohalar ildam taraqqiy etishda davom etyapti. “World Population Review”, 18 yanvar holatiga ko‘ra, Hindiston aholisi 1.423 milliardga yetganini taxmin qilmoqda, boshqa bir tadqiqot tuzilmasi – “Macrotrends” esa mamlakatda 1.428 milliard kishi istiqomat qilayotganini aytgan.
E’tiborli jihati shundaki, Hindiston bir vaqtning o‘zida qator yirik xalqaro tashkilotlar faoliyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazyapti. Mamlakat joriy yil Shanxay hamkorlik tashkiloti va Katta yigirmatalikka raislik qilmoqda, yaqinda Bosh vazir Narendra Modi boshchiligida 130 dan ziyod mamlakat ishtirok etgan “Global Janub ovozi” onlayn-sammitiga mezbonlik qildi.
“Katta yigirmatalik” a’zolari dunyo aholisining uchdan ikki qismiga va global YAIMning 85 foiziga egalik qiladi. Shu bois Hindiston “Yagona ovoz, yagona maqsad” shiorini qabul qildi va rivojlanayotgan mamlakatlar manfaati va tashvishini, shuningdek, asosiy global platformalar e’tiboridan chetda qolgan ustuvor yo‘nalishlarni ilgari surishga intiladi.
Shu o‘rinda tobora yaxshilanib borayotgan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi yaqin munosabatga ham e’tibor qaratish joiz. Boy tarix va o‘ziga xos madaniyatga ega mamlakat sifatida mashhur Hindistonni biz ko‘p asrlik madaniy, savdo-iqtisodiy hamkor, samimiy do‘st o‘lka sifatida bilamiz. Mazkur davlat bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Toshkentda ham Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida Respublika kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Qator vazirlik, idoralar rahbarlari, diplomatik vakolatxonalar vakillari va elchilar ishtirok etgan marosimda ushbu sana tarixi, umuman mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hayot xususida ma’lumot berildi. An’anaga ko‘ra, mehmonlar tadbir zaliga kiraverishda Elchi Manish Prabhatni mamlakat milliy bayramining 74 yilligi bilan qutlagach, shu yerning o‘zida hindlar turmush tarziga oid qiziqarli urf-odatlar namoyish qilindi.
Anjuman O‘zbekiston va Hindiston madhiyalari sadosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng janob Prabhat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatning joriy holati va istiqboli xususida qisqacha so‘z yuritdi. Ўзаро savdo miqdori ilk bor 700 million dollarga yetgani va natijada Hindiston O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklari o‘nligiga kirganini ta’kidlandi.
– Dunyo bo‘ylab davom etayotgan turli nizolar bizni oziq-ovqat, yoqilg‘i va o‘g‘it inqirozi yoqasiga olib keldi, – deya ayrim muammolarga to‘xtaldi elchi. – Ma’lumki, yaqinda “Katta yigirmatalik”ning navbatdagi sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va davlat rahbarlari sessiyasida hamkasblari e’tiborini jalb etgan qimmatli takliflarni bayon etdi.
2023 yil BMT tomonidan “Xalqaro tariq yili” deb e’lon qilingan. Bu g‘oya Hindiston tomonidan taklif qilingan edi. Tariq,asosan, quruq yerda, nisbatan kichik maydonda yetishtiriladigan don turi majmuasi hisoblanadi. Bug‘doy va guruch kabi boshqa donli ekinlarga nisbatan juda kam suv talab qiladi, boy ozuqaviy qiymatga ega.Shu sababli barqaror don ta’minoti va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdatariq muhim o‘rin tutadi.
– Murojaatim shundan iboratki, keling, ovqatlanish ratsioniga tariq donlarini ko‘proq qo‘shaylik, – dedi elchixona rahbari. – Biz marosim doirasida tariq haqida kichik ko‘rgazma tashkil qildik. Elchixonamiz bu yil O‘zbekistonda tariqni ommalashtirish bo‘yicha bir necha tadbir o‘tkazishni rejalashtirgan. Umid qilamanki, hammangiz bizni qo‘llab-quvvatlaysiz.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.