Hindistonda tunnel o‘pirilib tushdi
Hindiston media-nashriyot kompaniyasi – “Indian Express” yozishicha, mamlakat shimolida, Himolayning Uttarahand shtatidagi tunnel yemirilishi ortidan ishchilar 24 soatdan ko‘proq vaqt davomida qamalib qolgan.
Yakshanba kuni erta tong sodir bo‘lgan falokatni bartaraf etish uchun zudlik bilan qutqaruv guruhi yetib borgan.
– Ichkarida qolgan 40 nafar ishchining hammasi sog‘-salomat, – deya voqea joyidan xabar berdi Tabiiy ofatga qarshi kurash milliy kuchlari katta qo‘mondoni Karamvir Singx Bxandari. – Ularga suv, oziq-ovqat yetkazib turdik.
Dastlab aloqa qog‘oz parchasiga yozish orqali amalga oshirilib, keyin qutqaruvchilar radio-telefon yordamida ulanishga muvaffaq bo‘lgan.
Qutqaruv xizmati rasmiysi Durgesh Ratxodi aytishicha, ekskovatorlar, taxminan, 20 metrlik hududdan og‘ir qoldiqlarni olib tashlagan.
Yana bir mas’ul vakil Devendra Patval hodisa joyida 400 metrlik bufer, ya’ni bo‘shliq hosil bo‘lgani evaziga havo yetishmaslik holati kuzatilmaganini ta’kidladi.
Silkyara va Dandalgaon manzillari o‘rtasida 4,5 kilometrlik tunnel Uttarkashi, Yamunotri kabi muqaddas ziyoratgohlarni bog‘lash uchun qurilyapti.