Hindistonda ekologik inqiroz: Dehli aholisi toza havo uchun kurashmoqda
Hindiston poytaxti Dehli shahrida yuzlab fuqarolar havo ifloslanishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “BBC” nashri.
Mahalliy aholi vakillari qo‘llarida turli yozuvlarni ko‘tarib, o‘lkada ifloslanish darajasi keskin oshib borayotgan sharoitda hukumatdan qat’iy choralar ko‘rishni talab qilgan.

Poytaxtda havo ifloslanishi yil davomida kuzatilsa-da, ayniqsa, qish mavsumida muammo yanada kuchayadi. Buning asosiy sabablari transport vositalari tutuni, sanoat chiqindilari va shtatlarda dehqonlar tomonidan bo‘shab qolgan dala yerlari yoqilishi hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, bugun ertalab Dehlining havo sifati indeksi (AQI) 330 ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan 20–30 barobar yuqori degani. Xususiy monitoring manbalarida bu raqam yanada yuqori bo‘lgan.

Mamlakat ekologiya vaziri Mandjinder Singh Sirsa bayonot berib, vaziyatni bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini ta’kidladi.
– Shahardagi barcha baland binolarda tumanga qarshi qurilmalar o‘rnatildi, qurilish maydonlari qat’iy nazoratda, yo‘llarda suv sepish ishlari olib borilmoqda va shahar jamoat transporti parklariga ko‘proq elektr avtobuslar qo‘shildi, – dedi u.

Xabarda yozilishicha, shahar havosini tozalash rejasining ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan, unga ko‘ra, dizel generatorlaridan foydalanish hamda ko‘mir yoqish taqiqlangan. Ammo qurilish faoliyati va dizel avtomobillar harakatini to‘liq cheklovchi uchinchi bosqich hali joriy etilmagan.
D.Hakimov, O‘zA