Hindiston va Xitoy bilan hamkorlik yanada kengayadi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Hindiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazdi.
Uchrashuvda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlari vakillari, shuningdek, mamlakatimizning Hindiston va XXRdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Hindiston bilan ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi masalalar, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va munosabatning yangi yo‘nalishlarini belgilash batafsil ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston delegatsiyasining 2021 yil dekabr oyida Hindistonga qilgan tashrifi yakuni muhokama qilindi.

mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad Hindistonning tegishli vazirlik, idoralari va kompaniyalari bilan birgalikda yangi loyiha va tashabbuslar ishlab chiqishdan iborat edi. Ayni payt sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish, ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi aniq loyiha, tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi keng qamrovli hamkorlik dasturi ishlab chiqilmoqda.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga qisqa muddatda kelishuvga erishish uchun hindistonlik hamkorlar bilan barcha masalalar ustida ish olib borish yuzasidan manzilli ko‘rsatma berildi. Hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar ishlab chiqish maqsadida barcha yo‘nalishlarda ishni faollashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasining 13-yig‘ilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forumni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masala alohida muhokama qilindi.
Huddi shu tartibda XXR bilan ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Investitsiyaviy sheriklik va o‘zaro savdo ko‘rsatkichi barqaror o‘sib borayotgan bir paytda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyat, ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Hukumatlararo va idoralararo hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, jumladan, qator ikki tomonlama tadbirlar tashkil etish choralari ko‘rib chiqildi. Mas’ullar zimmasiga rejalashtirilayotgan tadbirlarning iqtisodiy kun tartibini boyitish hamda xitoylik hamkorlar bilan aloqani yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
“O‘zbekiston – SHHT” sanoat zonasini tuzishga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddi rahbarlarga zarur infratuzilmani yaratish, istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun bo‘lajak investorlarni jalb etish bilan bog‘liq masalani hal qilishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA