Hindiston rupiyasi tarixiy eng past darajaga tushdi
Hindiston milliy valyutasi – rupiya keskin qadrsizlanishda davom etmoqda. “Bloomberg” nashri yozishicha, kecha hind rupiyasi Osiyo moliyaviy bozorida tarixiy eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.
Ta’kidlanishicha, rupiya bir kun ichida 0,8 foizga arzonlab, 1 AQSH dollari uchun 91,7450 darajasiga tushdi. Qiziq tomoni, aynan shu kuni qit’amizdagi boshqa valyutalar — Janubiy Koreya voni, Indoneziya rupiyasi va Filippin pesosi mustahkamlangan.
Ekspertlar fikricha, bu holat Hindistondagi vaziyat umumiy Osiyo bozorlari tendensiyasi bilan emas, balki mamlakat ichidagi muammolar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda investorlarning rupiyaga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada pasaygan.
Rupiya qadrsizlanishining asosiy sababi — xorijiy kapitalning Hindistondan tez sur’atlarda chiqib ketishidir. Joriy oy davomida xorijiy investorlar hind fond bozoridan qariyb 2,7 milliard dollar mablag‘ni olib chiqdi. Bu esa 2025 yil davomida olib chiqilgan 19 milliard dollarlik kapital fonida bosimni yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, AQSH bilan savdo munosabatlaridagi keskinlik ham vaziyatni murakkablashtirmoqda. Jarima bojlari Hindiston eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, importga bo‘lgan yuqori talab kompaniyalarni dollar zaxiralarini faol ravishda jamlashga undamoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA