Hindiston aholisi ko‘pligi bo‘yicha Xitoydan o‘tdi
Hindiston dunyoda eng ko‘p aholiga ega mamlakatga aylandi, shu vaqtgacha Xitoy birinchi o‘rinda edi, endi aholi soni bo‘yicha Chin mamlakati ikkinchi o‘ringa tushib qoldi, deyiladi MarketWatch nashrining BMT prognozlariga tayanib qilgan tahlilida.
Mustaqil World Population Review (WPR) tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, 17 aprel kuni Hindiston aholisining soni 1 milliard 425 million 937 ming 441 kishini tashkil etgan. Bu vaqtda Xitoy aholisi soni 1 milliard 425 million 744 ming 8 kishidan iborat bo‘lgan.
MarketWatch ta’kidlashicha, Hindiston ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, bu nafaqat mamlakatning aholi soni, balki tarkibi bilan ham bog‘liq. Mamlakatda har 100 nafar ishlash qobiliyatiga ega shaxsga 47 nafar ishlash qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxs to‘g‘ri keladi. Holbuki, bundan 25 yil avval 100 nafar ishlash qobiliyatiga ega shaxslarga 68 nafar ishlamaydigan shaxs to‘g‘ri kelgan. 2048 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha, mamlakat 43 o‘rindan 23 o‘ringa ko‘tariladi.
Xitoyda har 100 nafar ishlash qobiliyatiga ega shaxsga 45 nafar ishlash qobiliyatiga ega bo‘lmagan shaxs to‘g‘ri keladi, biroq 25 yildan keyin ushbu ko‘rsatkich 68 nafargacha ko‘tariladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Hindiston hozirda demografik dividend davrida yashamoqda. Bu, ishlash qobiliyati bo‘lmagan shaxs hissasi juda kam bo‘lgan sharoitda iqtisodiyot o‘sishi bilan xarakterlanadi.