HEMIS - shaffoflikni ta’minlaydigan platforma
Navoiy davlat pedagogika instituti fakultetlarida oliy ta’lim muassasalari kredit-modul tizimiga to‘liq o‘tganligi sababli prorektorlar, dekanlar, kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilar ishtirokida “Kredit-modul tizimi hamda HEMIS axborot tizimidan foydalanish” bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 24 dekabrda “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlar imzolangan edi.

Mazkur qarorlar bilan 2022 yil yanvar oyidan boshlab 35 ta oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi. Bu o‘z navbatida, oliy ta’lim muassasalari boshqaruvida yangicha tizim asosida yondashuvni talab etadi.
– 2021-2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Dilshod Ro‘ziyev. – Fakultetlar kesimida tashkil etilayotgan seminarlarda Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazining o‘quv dasturidan unumli foydalanilmoqda.

– HEMIS axborot tizimi “Ma’muriy boshqaruv”, “O‘quv jarayoni”, “Ilmiy faoliyat”, “Moliyaviy boshqaruv va statistika” axborot tizimlarini o‘z ichiga olib, oliy ta’lim muassasalarining asosiy faoliyatlarini avtomatlashtirish hisobiga ma’muriy xodimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarga elektron ta’lim xizmatlarini taqdim etadi.
– HEMIS axborot tizimi - bu o‘qituvchilarning kaliti, shaffoflikni ta’minlaydigan yagona platforma, ma’lumotlar kiritiladigan baza bo‘ladi, – deydi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Xurshid Qurbonov. – Seminarlarda HEMIS dasturida ishlash, kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish, pedagoglar faoliyati va o‘zlashtirishni baholash, tizimda me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, kredit-modul tizimini raqamlashtirish, talabalar mustaqil ishi va ARM faoliyatini tashkil etish, xorijiy davlatlardagi ushbu tizimning muhim tamoyillari to‘g‘risida ma’lumotlar berilmoqda. Albatta, institut o‘qituvchilarining HEMIS dasturida ishlash va kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etishdagi bilim va tajribalari ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Ayni paytda kredit-modul tizimi bo‘yicha Navoiy davlat pedagogika instituti respublikada 2-o‘rinni band etib turibdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA