"Hech narsa abadiy emas” – Pep Gvardiola “Siti”dan ketishga qaror qildi
Jahon futbol olamida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan yangiliklardan biri — Angliyaning “Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Pep Gvardiolaning jamoani tark etishini rasman e’lon qilgani bo‘ldi. Ushbu qaror nafaqat klub muxlislari, balki butun futbol jamoatchiligi e’tiborini tortdi. Pep Gvardiola 2016-yildan buyon “Manchester Siti”ni boshqarib kelayotgan edi.
O‘tgan o‘n yil davomida u klubni nafaqat Angliyada, balki butun Yevropa miqyosidagi eng kuchli jamoalardan biriga aylantirdi. Uning qo‘l ostida “Man Siti” bir necha bor Angliya Premer-ligasida chempion bo‘ldi, milliy kuboklarni qo‘lga kiritdi hamda klub tarixida ilk bor UEFA Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi.
Shu bois, uning ketishi klub tarixida yangi bosqich boshlanishi sifatida baholanmoqda. Gvardiolaning o‘zi esa bu qarorini quyidagicha izohladi: “Mendan ketish sabablarini so‘ramang. Buning hech qanday sababi yo‘q, lekin ichimda bilamanki, bu mening vaqtim. Hech narsa abadiy emas. Agar abadiy bo‘lganida, men bu yerda bo‘lardim. Manchester Sitiga bo‘lgan tuyg‘ularim, xotiralarim va muhabbatim abadiyligicha qoladi”, — dedi u xorijiy nashrga bergan intervyusida.
Ayni paytda, yozgi transfer mavsumi yaqinlashayotgani sababli Yevropa futbolida harakatlar kuchaymoqda. Yirik klublar tarkibni yangilash, yangi murabbiylar bilan ishlash va kelasi mavsum uchun rejalar tuzishni boshlab yuborgan. Ayniqsa, “Manchester Siti”da Gvardioladan keyingi davr qanday kechishi, jamoani kim boshqarishi va klub o‘z uslubini saqlab qola oladimi — shu kabi savollar hozirdanoq asosiy muhokama mavzulariga aylangan.
Munira Niyazimbetova, O‘zA