Hech kimga o‘xshamaydigan shoir
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Faxriyor tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
“Yangi davr adabiyotida Faxriyor ijodining o‘rni” mavzusidagi ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda mamlakatimiz yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunoslari bilan birga Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya va boshqa davlatlarning ijodkorlari ishtirok etdi.
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov Faxriyor haqida gapirganda o‘zbek adabiyotidagi, she’riyatimizdagi yangilik qilgan ijodkor ko‘z o‘ngimizda gavdalanishini ta’kidladi. Ayni paytda Faxriyor shoir, mohir tarjimon, adabiyotshunos olim sifatida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid oltmish yosh ijodkor uchun o‘z faoliyatini teran tahlil etadigan, ijodini sarhisob qiladigan davr ekanini, ayni paytda Faxriyor butun qalbli, ijodkorlarning iste’dodini ko‘ra oladigan, qo‘llay oladigan, o‘z maslahatlari, yo‘l-yo‘riqlari, sadoqati bilan ko‘mak bera oladigan ijodkor ekanini qayd etdi.
– Darhaqiqat, Faxriyor hech kimga o‘xshamagan shoir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Uning "Dardning shakli" degan kitobini, umuman, barcha kitoblarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qiganmiz. Uning har bir kitobi biz uchun yangilik edi. Ijodkorning she’riyatdagi, adabiyotdagi yo‘li faqat uning o‘zigagina xos yo‘ldir.
Faxriyor she’rlari modernistik, postmodernistik yo‘nalishda ekani bilan birga, o‘zbek she’riyatining eng go‘zal va qadimiy an’analariga sodiq qolgan, ona tilimizning bor jozibasini, go‘zalligini, milliyligimizni o‘zida ifoda etgan betakror she’riyatdir.
– Faxriyorning she’rlari yangi adabiyot, yangi she’riyat namunasidir, – dedi yozuvchi Ulug‘bek Hamdamov. – Ehtimol bu she’riyatni o‘qiboq, darrov tushunish mushkuldir. Sababi Faxriyorning she’rlari intellektual, tashbehli she’riyat. Shoir dunyoni yangicha ko‘rishning katta bir cho‘qqisidagi ijodkordir.
Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshevning fikricha, Faxriyorning she’rlarini o‘qigan kitobxon uning satrlari zamiridagi jozibani o‘zi kashf etadi, o‘zi izlanadi, lazzatlanadi.
Faxriyor (Faxriddin Nizomov) 1963 yilda Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyati Xatirchi tumanidagi Sangijumon qishlog‘ida tug‘ilgan. Ustoz ijodkor Samarqand davlat universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan (1988). “Dardning shakli” (1987), “Ayolg‘u” (2000), “Geometrik bahor” (2004) she’riy to‘plamlari, “Yangilanish an’analari” (1998) publitsistik maqolalar to‘plami nashr etilgan.
Uning tarjimasida T.Uinter (Abdulhakim Murod)ning “21-asrda islom: postmodern dunyoda qiblani topish” (2001) diniy-falsafiy kitobi nashr etilgan.
Ayni paytda Faxriyor respublikamizning yetakchi bosma, elektron ommaviy axborot vositalari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, bir qator ijodiy tashkilotlarda samarali faoliyat ko‘rsatib kelgan, ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan shoir ijodkordir.
Xalqaro anjumanda Faxriyor she’riyati so‘z jozibasi, shoir she’riyatining o‘ziga xosligi, uning shakliy izlanishlari, Faxriyor she’riyatida metaforalar muvozanati kabi mavzular xususida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri