Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan 13 noyabr – Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni munosabat bilan Sariosiyo tuman ko‘zi ojizlar jamiyatida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda hududiy bo‘linmasi vakillari, hamkor tashkilotlarning mas’ul xodimlari, tuman ko‘zi ojizlar jamiyati a’zolari va yoshlar ishtirok etdi.
Davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari e’tiborini ko‘zi ojizlar hayot tarzini yaxshilashga, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, sog‘lig‘ini tiklashi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratish va jamiyatda ularning faol ishtirokini oshirish maqsadiga qaratilgan tadbirda so‘z olganlar hayot sinovlariga matonat bilan turib bera oladigan, dunyoga qalb ko‘zi bilan boqadigan, shukronalikni shior qilgan daryodil insonlarni xalqaro miqyosida nishonlanadigan bayram bilan qutladi.
Bayram dasturida yosh iste’dodlarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.
[gallery-4648]
Tadbir yakunida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan jamiyat kutubxonasiga badiiy adabiyotlar jamlanmasi tuhfa etildi. Shuningdek, mehr-muruvvatga muhtoj oila farzandlariga maktab o‘quv qurollari, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
–Dunyoda 40 million ko‘zi ojiz, 124 million ko‘rish darajasi past bo‘lgan insonlar bor, - deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva. – Shunday taqdir egalariga mamlakatimizda boshqalardan kam bo‘lmagan imkoniyatlar yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda hududlarda mavjud ko‘zi ojizlar kutubxonalari brayl yozuvidagi yangi adabiyotlar bilan boyitilayotgani, kitobxonlar soni ortib borayotgani fikrimiz isbotidir.
Shu kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyat a’zolarining holidan xabar olinib, ularga sovg‘alar ulashildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA