Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmadi
Navro‘z bayrami kunlari “Mahalla” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi.
Kogon tumanidagi “Tun-iroq” mahalla fuqarolar yig‘ini Havzak tepa qishlog‘ida yashovchi 1-guruh nogironi Muazzam Shamsiyeva hamda “Xo‘ja yakshaba” mahalla fuqarolar yig‘ini Xo‘ja yakshaba qishlog‘ida yashovchi Yo‘ldosh Xo‘jaqulovlarning holidan xabar olish maqsadida ularning xonadonlarida bo‘lib, oziq-ovqat maxsulotlari va kiyim kechaklar berildi.

– Biz keksalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun avvalo Yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, — deydi biz bilan suhbatda Muazzam aya Shamsiyeva.
– Bayram kunlari hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmadi. Mutasaddilar holimizdan xabar olishdi. Oziq-ovqat maxsulotlari va kiyim kechaklar bilan siylashdi.

Fondning tuman va shahar bo‘linmalari huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 770 ta oilaga 206 million 322 ming so‘mlik 12 turdagi oziq-ovqat maxsulotlari tarqatildi. 16 nafar fuqarolarning sog‘ligini tiklashi uchun 93 million 400 ming so‘m ajratildi.
Zarif Komilov, O‘zA