“Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas” (+video)
Buyuk ishlar kichik qadamlardan boshlanadi. Bu qadamlarni sizga intiq bo‘lib turgan ammo buni izhor eta olmaydigan bolajonlar tomon qo‘ymoq, ularning mehr-e’tibor og‘ushida ulg‘ayishiga hissa qo‘shmoq esa baxtli va teng huquqli jamiyat qurishning asosiy omili hisoblanadi.
Qarshi shahridagi alohida ta’limga ehtiyojlari bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 17-sonli maktab-internati o‘quvchilari uchun ham ana shunday xayrli ishlarga qo‘l urilmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan bir qator sport to‘garaklari faoliyat boshlagani buning yorqin misolidir. Mazkur to‘garaklar gapirish va eshitishda nuqsoni bor yoshlar uchun maxsus tashkil etilgan bo‘lib, ular yosh avlodning jismoniy va ma’naviy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir davomida harbiy xizmatchilar va xodimlar bolalarga quvonch ulashdi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va ularni kelajakda kasb tanlashga yo‘naltirishdan iborat. Tadbir davomida bolalar sport mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/vvQjsl_PJJ0" title="“Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bu kabi tadbirlar alohida ta’limga ehtiyojlari bor bolalar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA