Hazorasp temir yo‘l vokzali yangi qiyofada (+video)
Xorazm viloyatida yirik transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida navbatdagi muhim loyiha amalga oshirildi. Yangilangan Hazorasp temir yo‘l vokzali tantanali ravishda foydalanishga topshirilib, aholi va mehmonlar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, temiryo‘lchilar va faxriylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘nggi yillarda mamlakatimiz temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlar haqida to‘xtalar ekan, bu o‘zgarishlar yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati va samaradorligini yuqori pog‘onaga olib chiqayotganini alohida ta’kidladi. Hududlarda zamonaviy vokzallar bunyod etilib, yangi yo‘nalishdagi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotgani nafaqat yo‘lovchi va yuk tashish, balki turistik salohiyatni ham oshirishga xizmat qilayotgani haqida so‘z yuritdi.
Qisqa muddatda rekonstruksiya qilingan Hazorasp temir yo‘l vokzali hududi va binosi tubdan yangilanib, zamonaviy arxitektura elementlari asosida barpo etilgani yo‘lovchilar oqimini tez va xavfsiz tarzda qabul qilish, xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Endilikda vokzaldagi barcha jarayonlarning raqamlashtirilgani barcha uchun yanada qulay muhit yaratdi.
<iframe width="1301" height="732" src="https://www.youtube.com/embed/yWjBcaHogX4" title="Hazorasp temir yo’l vokzali yangi qiyofada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Vokzal hududida zamonaviy talablarga mos perron va platforma infratuzilmasi, yoritish tizimi va xavfsizlik kameralari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv imkoniyatlar, keng va yorug‘ yo‘lovchilar zali, ona-bola zali, dam olish va yuvinish, tibbiyot xonalari, yuqori darajadagi servis xizmatlari ko‘rsatish “VIP” zal, chiptaxona mavjud. Shuningdek, yo‘lovchilarga yanada qulay bo‘lishi uchun elektron ma’lumot tablosi o‘rnatilib, elektron chiptalarni ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-26622]
Endilikda vokzal bir vaqtning o‘zida 250 nafar, bir kecha-kundazda ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
— Hazorasp —ming otliqlar yurti. Bu muqaddas zaminning o‘zi uch ming yillik tarixga ega, —deydi hazorasplik mehnat faxriysi Yaqubboy Qutlimurodov. — Bizning bobolarimiz bu yo‘llardan karvon haydab o‘tgan, savdo-sotiq qilgan, shu yerda dam olgan. Qadimda ham yo‘l bor joyda hayot bo‘lgan, deb aytishardi. Bugun esa mana, shu zamonaviy vokzal ochilib, bordi-keldilarimiz oson bo‘ldi, xalqimizga yana bir eshik keng ochildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar yangi vokzalda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), Nozimbek Mardonov (video)
O‘zA muxbirlari