Hayotning har lahzasi go‘zal...
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning xotirasiga bag‘ishlangan “Hayotning har lahzasi go‘zal...” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda shoir va yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari, she’riyat muxlislari ishtirok etdi.
Bolalar dunyosi bilan oshno bo‘lish, ularning qalbiga yo‘l topish juda qiyin.O‘zbek bolalar adabiyotining zabardast vakili Anvar Obidjon avvalo, bolalar adibi sifatida dovruq qozongan. Shu tufayli bo‘lsa kerak, uning kattalarga atalgan she’rlarida ham bolalarga xos beg‘uborlik, ko‘ngilchanlik, to‘g‘riso‘zlik alohida bo‘rtib turadi. Uning asarlarini kitobxonlarga suyukli qilib kelayotgan omillardan biri shu bo‘lsa, ajabmas. Shoirning «Ona Yer», «Bahromning hikoyalari», «Ey, yorug‘ dunyo…», «Olovjon va uning do‘stlari», «Ketmagil», «Masxaraboz bola», «Akang qarag‘ay Gulmat», «Juda qiziq voqea», «Dahshatli Meshpolvon», «Yerliklar», «Bulbulning cho‘pchaklari», «Odobli bo‘lish osonmi», «Tanlangan she’rlar», «O‘q o‘tmas bolakay yoxud oltin yurak», «Ajinasi yo‘q jinko‘chalar» kitoblarini kitobxonlar yaxshi biladi.
U bolalar uchun ham, kattalar uchun ham ko‘plab qissa, she’r, doston, hikoya, pesalar yaratdi. Anvar Obidjonning dramaturg sifatidagi faoliyati 1983 yil «Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi» komediyasi Yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilganidan boshlangan. Anvar Obidjon «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, «Shuhrat» medali sohibi bo‘lgan. Xalqimizning sevimli shoiri o‘lmas asarlari bilan katta meros qoldirdi. O‘zbekning har bir xonadonida doimo Anvar Obidjon kitoblari sevib mutolaa qilinadi. Oltiariq tumani Poloson qishlog‘ida shoir tug‘ilib o‘sgan ko‘chaga uning nomi berildi.
Adabiyot bayrami aylangan tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozov va boshqalar o‘zbek adabiyotida Anvar Obidjonning adabiy merosi xalqimizning bebeho durdonasi ekanligini ta’kidladi. Shoir ijodidan namunalar o‘qildi, san’atkorlar tomonidan uning she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar ijro etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA