Hayotdan zavq olib yashash qanday maroqli
Buxoro viloyati Kogon tumani Xo‘jayakshava mahallasida 5 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim Muhabbat Ma’murova nogironligi bo‘lgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar va boshqa yordamga muhtoj shaxslarning holatini muntazam o‘rganib boradi. Bugunga kelib, mahallada 88 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan. Ijtimoiy xodim tomonidan ehtiyojmand aholi murojaatlari yuzasidan 70 ta keys ochilgan bo‘lib, ularning 70 foizi ijobiy yakunlanib, fuqarolarning yashash sharoitlari sezilarli darajada yaxshilandi.
Samiya To‘yeva 2-guruh nogironi. Unga ko‘plab yo‘nalishlarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi. Moddiy yordam tayinlandi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlandi, psixolog xizmati tashkil etildi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu xizmatlar nafaqat uning salomatligini yaxshilash, balki ruhiy holatini mustahkamlashga ham xizmat qildi.

Bundan tashqari, Samiya To‘yevaga qultikhassa olib berildi. Homiylar yordami bilan uyi kapital ta’mirdan chiqarildi. Hozirda u tikuvchilik bilan shug‘ullanib, o‘z mehnati orqali oilasining daromadiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bu kabi misollar Xo‘jayakshava mahallasida olib borilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari insonlarning hayotida real va ijobiy o‘zgarishlar qilayotganini ko‘rsatadi. Mahalliy ijtimoiy xodimlar tashabbusi, davlat va jamg‘armalar ko‘magida amalga oshirilayotgan bunday sa’y-harakatlar kelgusida yanada ko‘plab fuqarolarning hayotiga farovonlik olib kelishiga ishonch bildirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.