Havoning tozaligiga barchamiz mas’ulmiz
Navoiyda “Toza havo” tadbiri doirasida 6,5 mingga yaqin avtotransport vositalari nazoratdan o‘tkazildi
Yurtimizda har yili ikki bosqichda “Toza havo” tadbiri o‘tkaziladi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa avtotransport vositalaridan atrof-muhitga yetkazilayotgan zararli ta’sirlarni kamaytirishdir. Mutaxassislarning fikricha, havoning ifloslanishida sanoat korxonalaridan chiqayotgan chang-gazlar qatorida avtomobillardan chiqadigan zaharli gazlar ham muhim rol o‘ynaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 4 millionga yaqin avtotransport vositalari mavjud. Bir yilda ulardan atmosferaga o‘rtacha 1,3 million tonna zararli tashlamalar tashlanadi. Bu umumiy tashlamalarning 63 foizini tashkil etadi.

– Tadbir davomida avtotransport vositalaridan tashlanayotgan zararli gazlarning toksiklik darajasi va tutun qalinligi maxsus asboblar yordamida o‘lchanadi, – deydi Tabiat resurslari Navoiy viloyati boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. – Olingan natijalar davlat standartlarida belgilangan me’yorlarga solishtiriladi. O‘rnatilgan me’yorlardan ortiq chiqish holatlari yuzaga kelgan taqdirda ularga nisbatan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda ta’sir choralari ko‘riladi.

Navoiy viloyatining serqatnov avtomagistrallarida 9 ta yo‘l patrul maskanlari tashkil qilingan bo‘lib, joriy yilning 10 aprelida boshlangan “Toza havo” tadbirining 1-bosqichida jami 6452 ta, shundan dizelli 2631 ta, 3821 ta benzinli hamda gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi avtotransport vositalari nazoratdan o‘tkazildi. Natijada me’yoridan ortiq tashlamalari bilan harakatlanayotgan benzin va gaz yoqilg‘isidagi 27 ta, dizel yoqilg‘isidagi 9 ta avtotransport vositalari aniqlandi.
Shuningdek 36 ta avtotransport vositalarining YHXB xodimlari tomonidan vaqtinchalik to‘xtatilishi hisobiga atmosfera havosiga 0,0758 tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi oldi olindi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA